Shrift o'lchami Rang Rasm

Ижтимоий тармоқлар

<< Mart 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
    123
45678910
11121314151617
18192021222324
25262728293031

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 5 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi

JAZONI IJRO ETISH MUASSASALARIDAN BO’SHATILGAN SHAXSLAR USTIDAN ICHKI ISHLAR IDORALARINING MA'MURIY NAZORATI

×

 2022-12-28 12:07:59    386

PDF yuklash
Chop etish



Jazoni ijro etish muassasalaridan bo’shatilgan shaxslar ustidan ichki ishlar idoralarining ma'muriy nazorati tarbiyaviy oldini olish ta'sir choralarining majmuini ifodalab, nazorat ostidagilarga nisbatan 1992 yil 09 dekabr kuni qabul qilingan va 1999 yil 20 avgust kuni o’zgartirishlar kiritilgan “Jazoni ijro etish muassasalaridan bo’shatilgan shaxslar ustidan ichki ishlar idoralarining ma'muriy nazorati to’g’risida”gi Qonunda ko’zda tutilgan cheklashlarni qo’llashdan iborat bo’ladi.

Ma'muriy nazoratning asosiy maqsadi ilgari sudlanganlar tomonidan takror jinoyatlar sodir etilishining oldini olish, ularda ijobiy ijtimoiy yo’lga kirib olishini shakllantirishdan iboratdir.

Ma'muriy nazorat o’rnatilishi va amalga oshirilishi nazorat ostidagi kishining boshqa huquq va qonuniy manfaatlariga putur yetkazmasligi, uning insoniy qadr-qimmatini kamsitmasligi, ish, o’qish va istiqomat joyida obro’sini to’kmasligi lozim.

Ma'muriy nazorat voyaga yetgan qo’yidagi shaxslarga nisbatan o’rnatiladi:

a) og’ir jinoyatlar uchun ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilgan yoki har qanday qasddan qilingan jinoyatlar uchun ikki yoki undan ortiq marta hukm etilgan shaxslarga nisbatan, agar ularning jazoni o’tash davridagi xulq-atvori tuzalish va halol mehnat qilib kun kechirish yo’liga o’tishni aslo istamaganliklaridan dalolat bersa;

b) og’ir jinoyatlar uchun ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilgan yoki har qanday qasddan qilingan jinoyatlar uchun ikki yoki undan ortiq marta hukm etilgan shaxslarga nisbatan, agar ular jazo muddatini o’tab bo’lganlaridan so’ng ichki ishlar idoralarining jamiyat uchun zararli kun kechirishni to’xtatish to’g’risidagi ogohlantirishiga qaramay, jamoat tartibini muntazam buzayotgan va fuqarolarning qonuniy manfaatlariga putur yetkazayotgan bo’lsalar;

v) o’ta og’ir jinoyatlar uchun ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilgan shaxslarga nisbatan.

Ma'muriy nazorat ostiga olingan shaxslarga nisbatan quyidagi cheklashlar qo’llanilishi mumkin:

a) kuning ichki ishlar idoralari belgilab qo’ygan vaqtida uydan chiqib ketishini taqiqlash;

b) tuman (shahar)ning muayyan joylarida bo’lishini taqiqlash;

v) ichki ishlar idoralarining ruxsatisiz tuman (shahar)dan tashqariga chiqib ketishni taqiqlash;

g) ro’yxatdan o’tish uchun har oyda bir martadan to’rt martagacha militsiyaga kelib uchrashish.

Yuqorida ko’rsatilgan cheklashlar nazorat ostida bo’lgan shaxsning turmush tarziga, oilaviy ahvoliga, avvalgi sudlanganligiga va uning shaxsini tavsiflovchi boshqa holatlarga qarab to’la hajmda yoki ayrim-ayrim yo’sinda qo’llaniladi.

Cheklashlar ro’yxati uzil-kesil hisoblanadi, unga qo’shimchalar qilish yoki kengaytirib sharhlash mumkin emas.

Ma'muriy nazoratni amalga oshirish nazorat ostidagi kishining istiqomat joyidagi ichki ishlar idoralariga yuklatiladi.

Sudyaning qarori ma'muriy nazoratni o’rnatish uchun asos hisoblanadi.

Ma'muriy nazorat o’rnatish zarurligi to’grisidagi asosli taqdimnoma sudga quyidagilar tomonidan yuboriladi:

a) ogir jinoyatlar sodir etganlik uchun hukm etilgan yoki har qanday qasddan qilingan jinoyatlar uchun ikki va undan ko’proq marta hukm etilgan, jazoni ijro etish muassasalarida turgan shaxslarga nisbatan, - jazoni ijro etish muassasasi boshligi tomonidan, mahkumning tuzalish va halol mehnat qilib kun kechirish yo’liga o’tishni aslo istamaganligidan dalolat beruvchi materiallar bo’lgan taqdirda, ozod etishdan kamida bir oy oldin;

b) o’ta ogir jinoyatlar sodir etganlik uchun jazoni ijro etish muassasalaridagi shaxslarga nisbatan, - jazoni ijro etish muassasasi boshligi tomonidan, ozod etishdan kamida bir oy oldin;

v) jazoni ijro etish muassasalaridan bo’shatilgan shaxslarga nisbatan, - ichki ishlar idorasi boshligi tomonidan, shaxs jazoni ijro etish muassasasidan bo’shatilganidan keyin jamiyat uchun zararli tarzda kun kechirayotganligidan dalolat beruvchi materiallar asosida.

Ma'muriy nazoratni o’rnatish to’g’risidagi masala sudya tomonidan taqdimnoma olingan paytdan boshlab 10 kundan kechikmay hal qilinadi. Ma'muriy nazorat o’rnatish to’g’risidagi qarorda nazorat belgilashga nimalar sabab bo’lganligi, nazorat muddati, nazorat ostidagi shaxsga nisbatan qo’llaniladigan cheklashlar, agar ma'muriy nazorat jazoni ijro etish muassasalaridan bo’shatishda belgilangan bo’lsa, uning tanlangan yashash joyiga yetib kelish muddati ko’rsatiladi.

Ma'muriy nazoat olti oydan bir yilgacha muddatga belgilangan. Ma'muriy nazorat muddati ichki ishlar idoralarining taqdimnomasiga binoan har safar yana olti oyga uzaytirilishi mumkin, lekin uzaytirilgan nazorat muddati mazkur jinoyat uchun belgilangan sudlanganlik muhlatining tugashi yoki sudlanganlikning olib tashlanishi uchun qonunda nazarda tutilgan muddatlardan oshmasligi lozim. Nazorat ostidagi shaxs o’ziga belgilangan vaqt ichida tuzalish yo’lliga o’tmagan, jamoat tartibini buzayotgan, fuqarolarning qonuniy manfaatlariga putur yetkazayotgan yoki o’ziga nisbatan qo’llanilayotgan cheklashlarga rioya etmayotgan taqdirda ma'muriy nazorat muddatini uzaytirishga yo’l qo’yiladi.

Cheklashlar ro’yxati nazorat ostidagi kishining shaxsi, uning turmush tarzi va xulq-atvoriga qarab, qonunda nazarda tutilgan cheklashlar doirasida qisqartirilishi yoki to’ldirilishi mumkin.

Ma'muriy nazorat ostiga olingan shaxslarning fotosurati olinadi va ichki ishlar idoralarida hisobga olib qo’yiladilar. Zarur hollarda nazorat ostida bo’lgan shaxslarning barmoqlari izlari bostirib olinadi. Ma'muriy nazorat ostida bo’lgan har bir shaxs to’g’risida nazorat daftari yurgiziladi.

Ichki ishlar idoralari xodimlari ma'muriy nazoratni amalga oshirishda:

a) nazorat ostiga olinganlarning xulq-atvorini ular yashayotgan va ishlayotgan joyda muntazam nazorat qilib borishlari;

b) nazorat ostiga olinganlarni tanlangan istiqomat joyida propiska qilish va ularni ijtimoiy-foydali mehnatga jalb etish yuzasidan zarur choralar ko’rishlari;

v) ular tomonidan jamoat tartibi buzilishi, boshqa fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga putur yetkazilishini oldini olishlari hamda yo’l qo’ymasliklari;

g) ularga nisbatan belgilangan cheklashlar buzilganligi to’g’risida qonunda belgilangan tartibida bayonnomalar yozishlari shart.

Militsiya xodimlari ma'muriy nazoratini amalga oshirishda:

a) nazorat ostiga olingan shaxsning xulq-atvori to’grisida ish beruvchidan, mazkur shaxs o’qiyotgan joyning ma'muriyatidan, u yashayotgan joydagi jamoat birlashmasi va fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organidan, shuningdek fuqarolardan ma'lumotlar talab qilib olish; b) nazorat ostida bo’lgan shaxsni ishga joylashtirish va unga turmush sharoiti yaratib berish to’g’risida tegishli davlat, jamoat va xo’jalik tashkilotlari oldiga masala qo’yish;

v) nazorat ostiga olingan shaxsni suhbat uchun militsiyaga chaqirish, zarurat bo’lganda bunday suhbatlarni ish beruvchining, jamoat birlashmasi va fuqarolar o’zini o’zi boshqarish organining vakillari, nazorat ostiga olingan shaxsning qarindoshlari, shuningdek suhbat mavzuiga aloqador shaxslar ishtirokida o’tkazish;

g) nazorat ostida bo’lgan shaxsdan ma'muriy nazorat qoidalarini ijro etish bilan bog’liq masalalar bo’yicha og’zaki va yozma tushuntirishlar talab qilish;

d) nazorat ostida bo’lgan shaxsning turar joyini soat 6 dan 22 ga qadar borib ko’rish huquqiga egadirlar.

Ma'muriy nazoratni amalga oshirish yuzasidan ayrim tadbirlarni o’tkazishda ichki ishlar idoralariga yordam berish uchun ichki ishlar idoralarining shtatsiz xodimlari va jamoatchilikning boshqa vakillari jalb qilinishi mumkin.

Ma'muriy nazoratdan bosh tortayotgan shaxslarni qidirish sudya qaroriga binoan militsiya tomonidan amalga oshiriladi.

Ma'muriy nazorat quyidagi hollarda to’xtatiladi:

a) ma'muriy nazorat olib borish uchun belgilangan muddat tugaganidan keyin, agar uni uzaytirishga asos bo’lmasa;

b) muddatidan ilgari, basharti nazorat ostida bo’lgan shaxs tuzalish yo’liga qat'iyan o’tganligi, ishda va turmushda o’zini yaxshi tomondan ko’rsatganligi aniqlangan bo’lsa;

v) nazorat ostida bo’lgan shaxsning sudlanganlik muhlati tugagan yoki sudlanganligi olib tashlangan hollarda.

Ma'muriy nazorat ostiga olingan shaxslar belgilangan cheklashlarni buzganlari taqdirda O’zbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan tartibda ma'muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortiladilar.

Ma'muriy nazoratdan bo’yin tovlab istiqomat joyidan o’zboshimchalik bilan ketib qolgan, shuningdek ma'muriy nazorat jazoni ijro etish muassasalaridan bo’shatilayotganda belgilangan hollarda tanlangan istiqomat joyiga muayyan muddatda uzrli sabablarsiz yetib kelmagan nazorat ostidagi shaxslar O’zbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan tartibda jinoiy javobgarlikka tortiladilar.


Jinoyat ishlari bo’yicha Farg’ona tuman sudining sudyasi B.Mamajonov


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook | Instagram | Youtube | Telegram