Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
FARG‘ONA TUMANI HOKIMI HAMIDULLO INOMOVNING TUMANIMIZ XALQIGA YO‘LLAGAN RAMAZON HAYITI TABRIGI!
2024-04-10 00:02:09 10279
Qadrli tumandoshlar!
Avvalo, muqaddas dinimiz buyurgan ibodat va amallarni muborak Ramazon oyida chin dildan, ixlos bilan ado etib, bugun hayit ayyomini katta shodu xurramlik bilan kutib olayotgan siz, azizlarni, yurtimizdagi jamiki mo‘min-musulmonlar, shu qatorda butun tumanimiz xalqini samimiy tabriklab, barchangizga o‘zimning yuksak ehtiromim va eng ezgu tilaklarimni izhor etaman.
Shunday saodatli damlarga yetkazgani uchun Alloh taologa behisob shukronalar bo‘lsin!
Sidqidildan qilgan duo va niyatlarimiz, ehson va amallarimizni Parvardigori olam o‘z dargohida qabul aylasin!
Inson qadrini ulug‘laydigan savobli ishlarimiz bardavom bo‘lsin!
Hammamizga ayonki, islom dini – tinchlik, ezgulik va insonparvarlik dinidir. Muqaddas kitoblarimizda “Tinchlik-omonlik, o‘zaro do‘stlik va ahillikka intilib yashash – chin mo‘minga xos fazilatdir”, deb ta’kidlangani ham bu fikrni tasdiqlaydi.
Bu yilgi Ramazoni sharif kunlarida ana shu qadriyatlar hayotimizda yanada yorqin namoyon bo‘ldi. Davlatimiz rahbari boshchiligida mamlakatimizda, xususan tamanimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar dinimizning asl mohiyati bilan, uning olijanob g‘oya va tushunchalari bilan uyg‘un va mushtarak ekanini barchamiz yana bir bor chuqur his etdik.
Pok niyatlar ijobat bo‘ladigan ushbu oyda tumanimizdagi bemorlar, nogiron va keksa insonlar, kam ta’minlangan oilalar, ehtiyojmand oilalar holidan xabar olindi. Ularga mehr ko‘rsatilib, mahalla va xayriya tashkilotlari tomonidan mahallarimizda iftorlik va ehson marosimlari o‘tkazildi.
Yaratganning rahmati va mag‘firati ziyoda bo‘lib turgan ushbu munavvar lahzalarda xorijdagi yurtdoshlarimizni, uzoq va yaqin davlatlardagi barcha musulmon ummatini Ramazon hayiti bilan sidqidildan muborakbod etamiz.
Aziz tumandoshlar!
Qalblarimiz quvonchga to‘lgan mana shu moʻtabar ayyomda sizlarni muborak Ramazon hayiti bilan yana bir bor chin yurakdan qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, baxtu saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.
Ilohim, barcha ezgu niyatlarimiz amalga oshsin
Yaratganimizning o‘zi el-yurtimizni panohida asrasin!
Ramazon hayiti barchamizga muborak bo‘lsin!
Hurmat bilan: Farg‘ona tumani hokimi Inomov Hamidullo Tadjiyevich
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook |
Instagram |
Youtube |
Telegram