Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING QARORI
2017-09-30 14:54:52 3353
Ochiq ma’lumotlar taqdim etilishi hisobga olingan holda Internet tarmog’ida O’zbekiston Respublikasining Hukumat portalini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida
(O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to’plami, 2015 y., 32-son, 428-modda)
Mahalliy veb-resurslarni, raqobatbardosh dasturiy mahsulotlar va xizmatlar ichki bozorini rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, shuningdek «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq davlat organlari va ularning faoliyati to’g’risidagi ochiq axborotdan foydalanishni ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O’zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Iqtisodiyot vazirligining jismoniy va yuridik shaxslarga mashinada o’qiladigan formatdagi axborotdan ko’p marotaba, erkin va bepul foydalanish imkonini beruvchi Internet tarmog’ida O’zbekiston Respublikasining Hukumat portali doirasida Ochiq ma’lumotlar portalini ishga tushirish to’g’risidagi takliflariga rozilik bildirilsin.
2. O’zbekiston Respublikasining Ochiq ma’lumotlar portali to’g’risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. O’zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi O’zbekiston Respublikasi Ochiq ma’lumotlar portalini shakllantirish va rivojlantirish uchun mas’ul organ etib belgilansin.
4. O’zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi:
ikki hafta muddatda Ochiq ma’lumotlarni shakllantirish, ularni joylashtirish va ularni qayta ishlash reglamentini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
bir oy muddatda davlat va xo’jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda davlat va xo’jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining rasmiy vebsaytlarida va O’zbekiston Respublikasi Ochiq ma’lumotlar portalida majburiy e’lon qilinishi lozim bo’lgan ushbu organlarning Ochiq ma’lumotlar to’plamlari ro’yxati (keyingi o’rinlarda Ro’yxat deb ataladi) belgilangan tartibda ko’rib chiqish va tasdiqlash uchun 2013 2020 yillarda O’zbekiston Respublikasi Milliy axborotkommunikatsiya tizimini rivojlantirish kompleks dasturi amalga oshirilishini muvofiqlashtirish respublika komissiyasiga (keyingi o’rinlarda Respublika komissiyasi deb ataladi) kiritsin;
Ro’yxat respublika komissiyasi tomonidan tasdiqlangandan keyin ikki kun muddatda u Internet tarmog’idagi O’zbekiston Respublikasining Hukumat portalida e’lon qilinishini ta’minlasin.
5. Belgilansinki, davlat va xo’jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining rahbarlari O’zbekiston Respublikasi Ochiq ma’lumotlar portalida joylashtiriladigan axborotning o’z vaqtida taqdim etilishi va ishonchliligi uchun shaxsan javob beradilar.
6. Davlat va xo’jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari:
ikki hafta muddatda ochiq ma’lumotlar to’plamlari O’zbekiston Respublikasi Ochiq ma’lumotlar portalida e’lon qilinishi masalalari bo’yicha mas’ul mansabdor shaxs tayinlanishini;
Respublika komissiyasi tomonidan Ro’yxat tasdiqlangandan keyin bir oy muddatda o’z rasmiy veb-saytlarida «Ochiq ma’lumotlar» bo’limi tashkil etilishini va unda Ro’yxatga muvofiq ochiq ma’lumotlar to’plamlari e’lon qilinishini;
o’z rasmiy veb-saytlarida va O’zbekiston Respublikasi Ochiq ma’lumotlar portalida e’lon qilinadigan ochiq ma’lumotlar to’plamlari o’z vaqtida yangilanishini ta’minlasinlar.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o’rinbosari R. S. Azimov zimmasiga yuklansin.
O’zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOEV
Toshkent sh.,
2015 yil 7 avgust,
232-son
Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 7 avgustdagi 232-son qaroriga
ILOVA
O’zbekiston Respublikasi Ochiq ma’lumotlar portali to’g’risida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom O’zbekiston Respublikasi Ochiq ma’lumotlar portalining maqsad va vazifalarini, shuningdek «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq Portal operatori, ochiq ma’lumotlarni etkazib beruvchilar va Portal foydalanuvchilari o’rtasidagi o’zaro hamkorlik tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo’llaniladi:
O’zbekiston Respublikasi Ochiq ma’lumotlar portali (Portal) Internet tarmog’idagi O’zbekiston Respublikasining Hukumat portali doirasida faoliyat ko’rsatuvchi hamda davlat va xo’jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining ochiq ma’lumotlarini joylashtirish uchun mo’ljallangan, ochiq ma’lumotlarni e’lon qilishda va ulardan foydalanishda Portal operatori, ochiq ma’lumotlarni etkazib beruvchilar va foydalanuvchilar o’rtasidagi o’zaro hamkorlikni ta’minlovchi axborot resursi;
ochiq ma’lumotlar ko’p marotaba, erkin va bepul foydalanish maqsadida mashinada o’qiladigan formatda Internet tarmog’ida joylashtirilgan davlat va xo’jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining faoliyati to’g’risidagi axborot;
mashinada o’qiladigan format ma’lumotlarni dasturiy qayta ishlashni ta’minlovchi, ushbu ma’lumotlarni taqdim etishning elektron formati;
ochiq ma’lumotlar to’plami ochiq ma’lumotlarning bir turdagi elementlari va ularni tavsiflovchi atributlar majmui;
ochiq ma’lumotlar to’plamining pasporti ochiq ma’lumotlar to’plamini bir xil identifikatsiya qilish imkonini beruvchi ushbu to’plam to’g’risidagi ma’lumotlar majmui;
Portal operatori Portaldan foydalanish bo’yicha faoliyatni, shu jumladan Portal ma’lumotlar bazalaridagi axborotni qayta ishlashni amalga oshiruvchi yuridik shaxs;
ochiq ma’lumotlarni etkazib beruvchi (etkazib beruvchi) Portal operatoriga Portalda joylashtirish uchun ochiq ma’lumotlar to’plamlarini taqdim etuvchi davlat va xo’jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari;
foydalanuvchilar Portaldan foydalanib ochiq ma’lumotlardan foydalana oluvchi jismoniy va yuridik shaxslar.
3. O’zbekiston Respublikasi Ochiq ma’lumotlar portali ishini tashkil qilish ushbu Nizomga ilovaga muvofiq sxema bo’yicha amalga oshiriladi.
II. Portalning maqsadi va vazifalari
4. Portal foydalanuvchilarga Internet tarmog’idagi ochiq ma’lumotlardan foydalanishning yagona nuqtasini taqdim etish va joylashtirilgan ochiq ma’lumotlarning dolzarbligi masalalari bo’yicha foydalanuvchilarning ochiq ma’lumotlarni etkazib beruvchilar bilan teskari aloqasini ta’minlash, yangi ochiq ma’lumotlarni e’lon qilish to’g’risidagi takliflarni ko’rib chiqish va ochiq ma’lumotlarni olishda foydalanuvchilar uchun shart-sharoitlarni yaxshilash, etkazib beruvchi faoliyatining ochiq-oshkoraligini ta’minlash va Portalda joylashtiriladigan ochiq ma’lumotlar yordamida samarali iqtisodiy qarorlarni qabul qilish uchun foydalanuvchilarga shart-sharoitlar yaratish maqsadida tashkil qilinmoqda.
5. Quyidagilar Portalning asosiy vazifalari hisoblanadi:
etkazib beruvchi faoliyatining ochiq-oshkoraligini oshirish;
ochiq ma’lumotlarni e’lon qilishning yagona texnologik va metodologik printsiplarini yoyish;
joylashtirilgan ochiq ma’lumotlardan ko’p marotaba, erkin va bepul foydalanishni ta’minlash;
foydalanuvchilarning etkazib beruvchilar bilan o’zaro hamkorligi samaradorligini oshirish;
etkazib beruvchilar va ularning faoliyati to’g’risida hamma erkin foydalanishi mumkin bo’lgan axborotni olishda foydalanuvchilar uchun byurokratik to’siqlar va to’g’anoqlarni qisqartirish va bartaraf etish;
ma’lumotlar yangilanishi ustidan nazorat qilishning yagona texnologik platformasini, shuningdek ma’lumotlarni dolzarb holatda saqlab turish maqsadida ochiq ma’lumotlarni e’lon qilish natijalari monitoringi olib borilishini tashkil qilish.
6. Portal operatori O’zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining qarori bilan belgilanadi.
III. Portalda joylashtirish uchun taqdim etiladigan ochiq ma’lumotlar to’plamlarining axborot tarkibi
7. Portalda quyidagi shakldagi birlamchi ma’lumotlar ochiq ma’lumotlar shaklida majburiy joylashtirilishi lozim:
foydalanuvchilar o’rtasida yuqori darajada talab qilinadigan ma’lumotlar va axborot;
etkazib beruvchi faoliyati to’g’risida hamma erkin foydalanishi mumkin bo’lgan axborot;
etkazib beruvchi faoliyatining asosiy sohalari bo’yicha statistik ma’lumotlar;
davlat axborot tizimlari va axborot resurslarida mavjud bo’lgan, oshkor etilishi qonun hujjatlari bilan cheklanmagan etkazib beruvchining ma’lumotlari va axboroti;
etkazib beruvchi tomonidan yaratilgan yoki o’z vakolatlarini amalga oshirishda unga kelib tushgan hamma erkin foydalanishi mumkin bo’lgan axborot.
8. Internet tarmog’ida ochiq ma’lumotlar shaklida joylashtirilishi kerak bo’lgan axborot hamda ularni joylashtirish muddatlari va yangilash davriyligini aniqlash 2013 2020 yillarda O’zbekiston Respublikasi Milliy axborotkommunikatsiya tizimini rivojlantirish kompleks dasturi amalga oshirilishini muvofiqlashtirish respublika komissiyasi tomonidan tasdiqlanadigan davlat va xo’jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining Ochiq ma’lumotlar to’plamlari ro’yxatiga muvofiq amalga oshiriladi.
9. Ochiq ma’lumotlar shaklida joylashtiriladigan axborot qo’l yordamida hamda avtomatlashtirilgan rejimda taqdim etilishi mumkin.
10. Ochiq ma’lumotlarni etkazib beruvchi Portal operatori bilan kelishgan holda e’lon qilinadigan axborotni yangilash tezkorligini, hajmi va tarkibini belgilaydi.
11. Portalda joylashtirish uchun taqdim etiladigan axborot dolzarb, ishonchli, yaxlit bo’lishi va davlat sirlarini yoki qonun bilan muhofazalanadigan boshqa sirni o’z ichiga olmasligi kerak.
12. Portalda joylashtiriladigan axborot davlat tilida taqdim etilishi kerak. Portal boshqa tillardagi teng ahamiyatli yoki qisqartirilgan versiyalarga ega bo’lishi mumkin.
IV. Ochiq ma’lumotlarni shakllantirish, ularni joylashtirish va qayta ishlash reglamenti
13. O’zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Ochiq ma’lumotlarni shakllantirish, ularni joylashtirish va qayta ishlash reglamentini (keyingi o’rinlarda Reglament deb ataladi) ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.
14. Reglament quyidagilarni:
Portal operatorining asosiy vazifalarini;
ochiq ma’lumotlarni Portalda joylashtirish va Portalda joylashtirilgan ochiq ma’lumotlar bilan ishlash maqsadida Portal operatori, ochiq ma’lumotlarni etkazib beruvchilar va foydalanuvchilarning o’zaro hamkorligi tartibini;
ochiq ma’lumotlarni Portalda joylashtirish tartibini;
ochiq ma’lumotlar to’plamining formatlariga va ularni rasmiylashtirish qoidalariga, shuningdek ularga kiritiladigan axborotning tarkibiga qo’yiladigan talablarni;
ochiq ma’lumotlar to’plamlarining formatlariga va ularning pasportini rasmiylashtirish qoidalariga qo’yiladigan talablarni;
ochiq ma’lumotlar to’plamini va ochiq ma’lumotlar to’plamining pasportini Internet tarmog’ida joylashtirish qoidalarini belgilaydi.
V. Portal operatorining huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi
15. Portal operatori:
Portalning funktsional imkoniyatlariga o’zgartishlar kiritish, bu haqda keyinchalik foydalanuvchini xabardor qilishga;
e’lon qilinadigan axborot hajmi va mazmunini ochiq ma’lumotlarni etkazib beruvchi bilan kelishishga;
ochiq ma’lumotlar to’plamlarini shakllantirish maqsadida ochiq ma’lumotlarni etkazib beruvchi bilan kelishgan holda keyinchalik ochiq ma’lumotlarni etkazib beruvchilar tomonidan to’ldiriladigan shakllarni (jadvallarni) ishlab chiqish va tasdiqlashga haqlidir.
16. Portal operatori:
Portalning uzluksiz ishlashini, shu jumladan axborot xavfsizligi sohasidagi talablarga muvofiq ochiq ma’lumotlarning Portalda saqlanishi va himoyalanishini ta’minlashga;
ochiq ma’lumotlarni etkazib beruvchilar tomonidan shakllantirilgan ochiq ma’lumotlar to’plamlari Portalda mashinada o’qiladigan formatda, ochiq ma’lumotlardan takror foydalanishga to’sqinlik qiladigan cheklovlarsiz joylashtirilishini ta’minlashga;
Portalda joylashtirilgan ochiq ma’lumotlar foydalanuvchilari uchun doimiy ravishda foydalanish imkoniyatini ta’minlashga;
ochiq ma’lumotlar to’plamlarining pasportlarini tuzish, rasmiylashtirish va Portalda e’lon qilishga;
Portalning dasturiy-texnik vositalari yordamida tushgan foydalanuvchilarning axborot xabarlarini tegishli ochiq ma’lumotlarni etkazib beruvchilariga, xabarlar foydalanuvchidan olingan kundan keyingi kundan kechiktirmay qayta ishlash va ko’rib chiqish uchun yuborishga;
Portalda e’lon qilingan ochiq ma’lumotlar to’plamlari dolzarbligining doimiy monitoringini olib borishga;
Portaldagi talab kuchli bo’lgan ochiq ma’lumotlar to’plamlari statistikasining e’lon qilinishini ta’minlashga;
Portaldagi ochiq ma’lumotlar to’plamini yangilash muddati kechiktirilgan taqdirda ochiq ma’lumotlar etkazib beruvchini xabardor qilishga majburdir.
17. Portal operatori foydalanuvchilar tomonidan ochiq ma’lumotlardan foydalanish oqibatlari uchun, shu jumladan Portalda joylashtirilgan ochiq ma’lumotlardan foydalanish natijasida etkazilishi mumkin bo’lgan zarar uchun javob bermaydi.
VI. Ochiq ma’lumotlarni etkazib beruvchining huquq va majburiyatlari
18. Ochiq ma’lumotlarni etkazib beruvchi:
ushbu Nizomga, Reglamentga hamda davlat va xo’jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining rasmiy veb-saytlar va Portalda majburiy e’lon qilinishi kerak bo’lgan ochiq ma’lumotlari to’plamlarining ro’yxatiga muvofiq Portal operatori tomonidan ishlab chiqilgan jadvallar (shakllar)ni to’ldirish yo’li bilan ochiq ma’lumotlar to’plamlarini shakllantirishga;
ochiq ma’lumotlarni Portalda joylashtirishning texnik masalalari bo’yicha Portal operatoriga murojaat etishga;
Portal operatori bilan kelishgan holda Portalda ochiq ma’lumotlarning qo’shimcha to’plamlarini e’lon qilishga haqlidir.
19. Ochiq ma’lumotlarni etkazib beruvchi:
Portalda ochiq ma’lumotlar to’plamlarini e’lon qilish masalalari bo’yicha mas’ul mansabdor shaxs tayinlanishini va uning aloqa qilinadigan ma’lumotlari Portalda e’lon qilinishini ta’minlashga;
ochiq ma’lumotlarning dolzarbligini baholash orqali, shu jumladan foydalanuvchilarning axborot xabarlarini qayta ishlash natijalari bo’yicha Portalda joylashtiriladigan ochiq ma’lumotlarning to’liqligi, ishonchliligi va dolzarbligini ta’minlashga;
ochiq ma’lumotlarning davriy ravishda yangilanishini ta’minlashga;
ochiq ma’lumotlarning qonun hujjatlariga muvofiqligini ta’minlashga;
Portalning dasturiy-texnik vositalaridan foydalangan holda yuboriladigan foydalanuvchilarning axborot xabarlarini 15 kun ichida, qo’shimcha o’rganish va (yoki) tekshirish, qo’shimcha hujjatlarni so’rash talab etilsa 1 oy muddatgacha ko’rib chiqish va javob berishga;
Reglamentda belgilangan majburiyatlarni o’z vaqtida va to’liq bajarishga;
Portalda joylashtirish uchun ochiq ma’lumotlar to’plamlarini Portal operatoriga yuborishga, avval taqdim etilgan ma’lumotlar o’zgargan taqdirda bu haqda Portal operatorini 3 ish kuni mobaynida xabardor qilishga majburdir.
VII. Foydalanuvchining huquq va majburiyatlari
20. Foydalanuvchi:
Portaldan foydalangan holda ochiq ma’lumotlarni olishga;
ochiq ma’lumotlarni qayta tiklash, ulardan nusxa olish, e’lon qilish va uzatishga;
ochiq ma’lumotlardan erkin, muddatsiz, bepul va foydalanish hududini cheklamasdan foydalanishga (shu jumladan takroran);
ochiq ma’lumotlarni tarqatish va qaytadan guruhlashga;
ochiq ma’lumotlarni moslashtirish, o’zgartirish, bir shakldan boshqa shaklga aylantirish va yoki ular to’plamlaridan axborotni chiqarib olishga;
ochiq ma’lumotlardan tijorat maqsadlarida, shu jumladan turli xildagi dasturiy mahsulotlar va ilovalarni yaratish uchun foydalanishga;
Portal operatoriga Portalning dasturiy-texnik vositalaridan foydalangan holda uning faoliyat ko’rsatish masalalari bo’yicha va etkazib beruvchilarga Portalda joylashtirilgan ochiq ma’lumotlar to’plamlari yuzasidan axborot xabarlarini yuborishga haqlidir.
21. Ochiq ma’lumotlardan foydalanganda Foydalanuvchi:
ochiq ma’lumotlardan faqat qonun hujjatlariga zid kelmaydigan maqsadlarda foydalanishga;
ochiq ma’lumotlardan foydalanishda axborot manbaiga havolani saqlashga majburdir.
VIII. Javobgarlik
22. O’zbekiston Respublikasi Ochiq ma’lumotlar portalida joylashtiriladigan axborotning o’z vaqtida taqdim etilishi va ishonchliligi uchun ochiq ma’lumotlarni etkazib beruvchilarning rahbarlari shaxsan javob beradilar.
O’zbekiston Respublikasi Ochiq ma’lumotlar portali to’g’risidagi nizomga
ILOVA
O’zbekiston Respublikasi Ochiq ma’lumotlar portali ishini tashkil etish
SXEMASI
Bosqichlar |
Harakatlar |
Sub’ektlar |
Muddatlar |
1-bosqich |
Ochiq ma’lumotlarni qayta ishlash reglamentini ishlab chiqish, tasdiqlash va davlat organlariga yuborish. |
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi |
ikki hafta muddatda |
2-bosqich |
Portalda ochiq ma’lumotlar to’plamini e’lon qilish masalalari bo’yicha mas’ul mansabdor shaxsni tayinlash. |
Davlat organlari |
ikki hafta muddatda |
3-bosqich |
O’z vakolatini amalga oshirishda yaratiladigan va olinadigan ommabop axborotning inventarizatsiyasini o’tkazish. |
Davlat organlari |
20 kun muddatda |
4-bosqich |
Internet tarmog’ida joylashtirilishi majburiy bo’lgan Ochiq ma’lumotlar to’plamlarining ro’yxati loyihasiga kiritish uchun Vazirlikka takliflar kiritish. |
Davlat organlari |
25 kun muddatda |
5-bosqich |
Rasmiy veb-saytlarda va Portalda e’lon qilinishi majburiy bo’lgan Ochiq ma’lumotlar to’plamlari ro’yxatining loyihasini Respublika komissiyasiga kiritish. |
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, davlat organlari |
bir oy muddatda |
6-bosqich |
Ochiq ma’lumotlar to’plamlarini yangilashning aniq muddatlarini va davriyligini belgilagan holda Ro’yxatni tasdiqlash. |
Respublika komissiyasi |
ikki hafta muddatda |
7-bosqich |
O’z rasmiy veb-saytlarida «Ochiq ma’lumotlar» bo’limini yaratish va unda tasdiqlangan Ro’yxatga muvofiq ochiq ma’lumotlar to’plamlarini e’lon qilish. |
Ochiq ma’lumotlar to’plamlari e’lon qilinishi uchun mas’ul bo’lgan davlat organlari |
Ro’yxat Respublika komissiyasi tomonidan tasdiqlanganidan so’ng bir oy muddatda |
8-bosqich |
Portalda ochiq ma’lumotlar to’plamlarini e’lon qilish va yangilash. |
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, ochiq ma’lumotlar to’plamlari e’lon qilinishi uchun mas’ul bo’lgan davlat organlari |
Ro’yxat tasdiqlanganidan keyin belgilanadigan muddatlarda |
Oldin taqdim etilgan ma’lumotlar o’zgargan taqdirda Portal operatoriga ishlab chiqilgan ochiq ma’lumotlar to’plami bilan birgalikda xabarnoma jo’natish. |
Ochiq ma’lumotlar to’plamlari e’lon qilinishi uchun mas’ul bo’lgan davlat organlari |
o’zgargan kundan boshlab uch kun muddatda |
|
Portaldagi ochiq ma’lumotlar to’plamini yangilash muddati kechiktirilgan taqdirda davlat organini xabardor qilish. |
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi |
kechiktirilgan kundan boshlab bir ish kuni davomida |
|
9-bosqich |
Foydalanuvchilarning Portaldagi dasturiy-texnik vositalardan foydalangan holda jo’natiladigan axborot xabarlarini ko’rib chiqish. |
Ochiq ma’lumotlar to’plamlari e’lon qilinishi uchun mas’ul bo’lgan davlat organlari |
qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda |
10-bosqich |
O’zbekiston Respublikasi Ochiq ma’lumotlar portalida e’lon qilinadigan ochiq ma’lumotlar to’plamlarini monitoringini olib borish. |
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi |
har chorakda |
11-bosqich |
Ro’yxatga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish bo’yicha, shu jumladan e’lon qilinadigan ochiq ma’lumotlar to’plamlarini yangilash va dolzarb holatda saqlash masalasi bo’yicha takliflar kiritish. |
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi |
bir yilda kamida bir marta |