Shrift o'lchami Rang Rasm

Ижтимоий тармоқлар

<< Dekabr 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
      1
2345678
9101112131415
16171819202122
23242526272829
3031     

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 18 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi

MEROSNI EGALLASH YOXUD UNI QABUL QILISH HAQIDA

×

 2022-05-10 18:43:55    1908

PDF yuklash
Chop etish



Hozirgi kunda merosga bo’lgan huquq to’g’risida guvohnomani haqiqiy emas deb topish haqidagi nizolarni ko’rishda Fuqarolik kodeksining bitimlarni haqiqiy emas deb topish uchun asoslarni nazarda tutuvchi normalarini (FK 113-128 - moddalari) qo’llash mumkinligi haqidagi fikrlar ham uchrab turibdi. Merosga bo’lgan huquq to’g’risida guvohnomani bitim yoki bitim emasligi masalasida turlicha yondoshuvlar mavjudligini ko’rishimiz mumkin. Ba'zilar merosga bo’lgan huquq to’g’risida guvohnomani bitim deb hisoblashsa, boshqalar merosga bo’lgan huquq to’g’risida guvohnomani bitim emasligi haqidagi fikr va mulohazalarini bildirilmoqda. Shuning uchun, ushbu masala bahs talab mavzu deb hisoblaymiz hamda mazkur masala yuzasidan ayrim fikr va mulohazalarni bayon qilamiz.

O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 36-moddasiga ko’ra, har bir shaxs mulkdor bo’lishga haqli. Bankka qo’yilgan omonatlar sir tutilishi va meros huquqi qonun bilan kafolatlanadi deb ko’rsatilgan. Asosiy qomusimiz bo’lgan konstitutsiyamizda meros huquqi qonun bilan kafolatlab qo’yilgan bo’lib, o’z navbatida O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining V bo’limi vorislik huquqiga bag’ishlanganligidan anglashimiz mumkin.

O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 69-bobida merosni egallash ko’rsatilgan bo’lib, uning 1145-moddasida umumiy qoidalar belgilab berilgan. Unga ko’ra: merosxo’r o’ziga tegishi lozim bo’lgan merosni yoki uning bir qismini (ulushini) olish huquqiga, agar u keyinchalik merosdan voz kechmasa, vorislik huquqidan mahrum etilmasa va uni merosxo’r etib tayinlash to’g’risidagi vasiyat farmoyishi haqiqiy emas deb topilishi natijasida meros olish huquqini yo’qotmasa, meros ochilgan vaqtdan e'tiboran ega bo’ladi deb ko’rsatilgan.

O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 1146-moddasida merosga bo’lgan huquq to’g’risida guvohnoma berish ko’rsatilgan bo’lib, unga ko’ra: meros ochilgan joydagi notarius merosxo’rning iltimosiga ko’ra unga merosga bo’lgan huquqi to’g’risida guvohnoma berishi shart. Merosga bo’lgan huquq to’g’risidagi guvohnoma meros ochilgan kundan e'tiboran olti oy o’tganidan keyin beriladi. Qonun bo’yicha meros olinganida ham, vasiyatnoma bo’yicha meros olinganida ham, agar notarius tegishli mol-mulkka yoxud butun merosga nisbatan guvohnoma berishni so’rab murojaat etgan shaxslardan boshqa merosxo’rlar yo’qligi to’g’risida ma'lumotlarga ega bo’lsa, guvohnoma yuqorida ko’rsatilgan muddat tugamasidan oldin berilishi mumkin deb ko’rsatilgan.

O’zbekiston Respublikasi Grajdanlik kodeksining (1963 yildagi tahriri) 598-moddasida merosning qabul qilinishi ko’rsatilgan bo’lib, unga ko’ra: merosni olish uchun voris uni qabul qilishi lozim. Merosni ma'lum shart qo’yib qabul qilishga yo’l qo’yilmaydi. Qabul qilingan meros, merosning ochilgan kunidan e'tiboran vorisga tegishli bo’lib hisoblanadi deb ko’rsatilgan.

O’zbekiston Respublikasi Grajdanlik kodeksining (1963 yildagi tahriri) 599-moddasida merosning qabul qilinganligini tasdiqlaydigan harakatlar ko’rsatilgan bo’lib, unga ko’ra: meros ochilgan vaqtdan e'tiboran olti oy davomida meros mulkni egallashga yoki idora qilishga haqiqatan kirishgan yoxud meros ochilgan joydagi davlat notarial kontoraga merosni qabul qilganligi to’g’risida yoki merosga bo’lgan huquq to’g’risida guvohnoma berilishi haqida (ushbu Kodeksning 610-moddasi) ariza bergan voris merosni qabul qilgan hisoblanadi. Boshqa vorislar bo’lmagani yoki ular merosni qabul qilmaganlari holdagina vorislik huquqiga ega bo’la oladigan shaxslar, o’zlarining kelajakda voris bo’lish-bo’lmasliklaridan qat'iy nazar, merosni qabul qilishga rozi bo’lganliklari to’g’risida, shu ko’rsatilgan muddat davomida, meros ochilgan joydagi davlat notarial kontoraga ariza berishlari mumkin deb ko’rsatilgan.

O’zbekiston Respublikasi Grajdanlik kodeksi (1963 yildagi tahriri) qoidalariga ko’ra, merosni olish uchun voris uni qabul qilish lozim (598-modda)ligi ko’rsatilgan. Merosning qabul qilinganligini tasdiqlaydigan harakatlarga meros ochilgan vaqtdan e'tiboran olti oy davomida meros mulkni egallashga yoki idora qilishga haqiqatan kirishgan yoxud meros ochilgan joydagi davlat notarial kontoraga merosni qabul qilganligi to’g’risida yoki merosga bo’lgan huquq to’g’risida guvohnoma berilishi haqida ariza bergan voris merosni qabul qilgan hisoblanadi (599-modda). Grajdanlik kodeksi qoidalariga ko’ra, kimga meros kerak bo’lsa, meros olishi uchun meros ochilgan vaqtdan e'tiboran olti oy davomida vorislar uni qabul qilishlari lozim edi. Shuning uchun ham, merosni qabul qilish bu bir tomonlama bitim hisoblanadi.

Amaldagi Fuqarolik kodeksida meros ochilgan vaqt bilan uni qabul qilish vaqti o’rtasida muayyan davr o’tishi sababli meros mol-mulkning huquqiy rejimi o’z xususiyatlariga ega bo’ladi. Mazkur davrda u hali muayyan mulkdorga tegishli bo’lmaydi va turgan, ya'ni mulkdorni «kutayotgan» meros hisoblanadi. Merosga bo’lgan huquq to’g’risida guvohnoma berish haqidagi ariza ikki vazifani bajaradi: u merosxo’rning merosni qabul qilishga bo’lgan xohishini tasdiqlaydi hamda ayni bir vaqtda merosga bo’lgan huquq to’g’risidagi guvohnomani berish uchun asos bo’ladi. Merosni qabul qilish vaqtidan qat'iy nazar, meros mulkni meros ochilgan paytdan qabul qilingan bo’lib hisoblanadi. Merosni qabul qilib olish huquqiga, agar u keyinchalik merosdan voz kechmasa, vorislik huquqidan mahrum etilmasa, uni merosxo’r etib tayinlash to’g’risidagi vasiyatnoma haqiqiy emas deb topilmasa merosxo’r meros ochilgan vaqtdan e'tiboran ega bo’ladi. Merosga bo’lgan huquq to’g’risidagi guvohnoma faqat meros huquqini tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi. Merosga bo’lgan huquq to’g’risidagi guvohnoma - bitim emas balki, merosga bo’lgan huquq to’g’risida guvohnoma berish haqidagi arizagina bitim hisoblanadi.

O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 113-moddasida nizoli va o’z-o’zidan haqiqiy bo’lmagan bitimlar ko’rsatilgan bo’lib, unga ko’ra, bitim ushbu Kodeksda belgilab qo’yilgan asoslarga ko’ra, sud haqiqiy emas deb topganligi sababli (nizoli bitim) yoki bunday deb topilishidan qat'iy nazar, haqiqiy emas deb hisoblanadi (o’z-o’zidan haqiqiy bo’lmagan bitim). Nizoli bitimni haqiqiy emas deb topish to’g’risidagi talabni ushbu Kodeksda ko’rsatilgan shaxslar qo’yishlari mumkin. O’z-o’zidan haqiqiy bo’lmagan bitim haqiqiy emasligining oqibatlarini qo’llanish to’g’risidagi talabni har qanday manfaatdor shaxs qo’yishi mumkin. Sud bunday oqibatlarni o’z tashabbusi bilan qo’llashga haqli deb ko’rsatilgan.

O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 114-moddasida bitimlar haqiqiy emasligining oqibatlari to’g’risidagi umumiy qoidalar ko’rsatilgan bo’lib, unga ko’ra, haqiqiy bo’lmagan bitim uning haqiqiy emasligi bilan bog’liq bo’lgan oqibatlardan tashqari boshqa yuridik oqibatlarga olib kelmaydi va u tuzilgan paytidan boshlab haqiqiy emasdir. Bitim haqiqiy bo’lmaganida taraflarning har biri boshqasiga bitim bo’yicha olgan hamma narsani qaytarib berishi, olingan narsani aslicha (shu jumladan olingan narsa mol-mulkdan foydalanish, bajarilgan ish yoki ko’rsatilgan xizmat bilan ifodalanganda) qaytarib berish mumkin bo’lmaganida esa, agar bitim haqiqiy emasligining boshqa oqibatlari qonunda nazarda tutilgan bo’lmasa, uning qiymatini pul bilan to’lashi shart.

Merosga bo’lgan huquq to’g’risidagi guvohnoma bitim bo’lganida, FKning 113-114-moddalarini qo’llab, bitimning haqiqiy emasligi oqibatlarini qo’llab mulkni dastlabki holatiga keltirishi mumkin edi. Biroq, merosga bo’lgan huquq to’g’risidagi guvohnoma bitim emas. Unga nisbatan FKning 113-128-moddalari ya'ni bitimlarning haqiqiy emasligi haqidagi qoidalar qo’llanilmaydi.

O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 101-moddasida bitimlar tushunchasi ko’rsatilgan bo’lib, unga ko’ra, bitimlar deb fuqarolar va yuridik shaxslarning fuqarolik huquq va burchlarini belgilash, o’zgartirish yoki bekor qilishga qaratilgan harakatlariga aytiladi deb ko’rsatilgan.

O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 102-moddasida bitim turlari ko’rsatilgan bo’lib, unga ko’ra, bitimlar bir taraflama, ikki taraflama yoki ko’p taraflama (shartnomalar) bo’lishi mumkin. Bitim tuzish uchun qonun hujjatlariga yoki taraflarning kelishuviga muvofiq bir tarafning xohishi zarur va yetarli bo’lsa, bunday bitim bir taraflama bitim hisoblanadi. Shartnoma tuzish uchun ikki taraf (ikki taraflama bitim) yoki uch yoxud undan ko’p taraf (ko’p taraflama bitim) kelishib xohish bildirgan bo’lishi kerak deb ko’rsatilgan.

O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 103-moddasida bir taraflama bitimlarni huquqiy tartibga solish ko’rsatilgan bo’lib, unga ko’ra, bir taraflama bitim uni tuzgan shaxs uchun burchlar keltirib chiqaradi. U boshqa shaxslar uchun qonunlarda yoki bu shaxslar bilan kelishuvda belgilangan hollardagina burchlar keltirib chiqarishi mumkin. Bir taraflama bitimlarga nisbatan, basharti qonun hujjatlariga, bitimning tabiati va mohiyatiga zid bo’lmasa, majburiyatlar va shartnomalar to’g’risidagi umumiy qoidalar (ushbu Kodeksning III bo’limi) tegishincha qo’llaniladi deb ko’rsatilgan.

Bitimning mohiyati sub'ektning erk izhoriga asoslangan, uning negizida uning irodasi yotadi. Erk izhori shaxsning qo’yilgan maqsadga erishish yo’liga yo’naltirilgan va asoslangan istagidir. Bitim sub'ektlarining erk-irodasi mazmuni ijtimoiy-iqtisodiy omillar ta'siri ostida shakllanadi. Erk izhori – shaxsning o’z ifodasini tashqariga bayon etmog’i bo’lib, shu orqali boshqa shaxslar ham undan voqif bo’lishlari mumkin bo’ladi. Erk izhori bitimning aynan mohiyatidir. Shu sababli, umumiy qoidaga ko’ra, barcha huquqiy oqibatlar erk izhori bilan bog’lanadi. Ushbu normaga muvofiq bir taraflama bitim uni tuzgan sub'ektlar uchun majburiyatlarni yuzaga keltiradi.

O’zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2011 yil 20 iyuldagi №5-sonli “Sudlar tomonidan meros huquqiga oid qonunchilikning qo’llanilishi to’g’risida”gi qarorining 8-bandi 3-xatboshiga ko’ra, vasiyatnomani haqiqiy emas deb topishga oid da'volarni ko’rishda, sudlar Fuqarolik kodeksining bitimlarni haqiqiy emas deb topish uchun asoslarni nazarda tutuvchi normalariga amal qilishlari lozim (FK 113-128 - moddalari) deb ko’rsatilgan.

Yuqoridagi Plenum qarorining 10-bandiga ko’ra, sudlarning e'tibori shunga qaratilsin-ki, vasiyatnoma va uning asosida berilgan merosga bo’lgan huquq to’g’risidagi guvohnoma faqat sudning hal qiluv qarori bilan haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Bunday talablar bo’yicha sud tomonidan kelishuv bitimi tasdiqlanishiga, u qonunga zid bo’lishi tufayli (FPK 169-moddasining birinchi qismi) yo’l qo’yilmaydi deb ko’rsatilgan.

Yuqoridagi Plenum qarorining 19-bandining 3-xatboshiga ko’ra, merosdan voz kechish to’g’risida ariza bergan merosxo’r keyinchalik uni bekor qilishi yoki qaytarib olishi mumkin emas. Bunday voz kechish faqat sudning hal qiluv qarori bilan va qonunda bitimlarni haqiqiy emas deb topish uchun belgilangan asoslarga ko’ra haqiqiy emas deb topilishi mumkin (FK 113-128 - moddalari) deb ko’rsatilgan.

Plenum qaroriga ko’ra, vasiyatnoma va merosdan voz kechish to’g’risidagi arizani haqiqiy emas deb topishda FK 113-128-moddalar qo’llanishini ko’rsatmoqda. Biroq, merosga bo’lgan huquq to’g’risidagi guvohnoma faqat sudning hal qiluv qarori bilan haqiqiy emas deb topilishi mumkinligini ko’rsatsa-da, FKning 113-128-moddalarini qo’llab haqiqiy emas deb topishni ko’rsatmagan.

Chunki, O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining qoidalariga ko’ra, vasiyatnoma, merosdan voz kechish haqidagi ariza, ishonchnoma bular barchasi bitim hisoblanadi. Bitimlarni haqiqiy emas deb topishda FKning 113-128-moddalari qo’llaniladi. Merosga bo’lgan huquq to’g’risidagi guvohnomani haqiqiy emas deb topishda FKning 113-128-moddalari ya'ni bitimlarning haqiqiy emasligi haqidagi qoidalar qo’llanilmaydi. Chunki, merosga bo’lgan huquq to’g’risidagi guvohnoma bitim emas. Buni boshqacha talqin qilish mumkin emas.

O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 69-bobida merosni egallash qoidalari ko’rsatilgan bo’lib, voris merosga bo’lgan huquq to’g’risidagi guvohnoma orqali merosni egallaydi. Vasiyat yoki qonun bo’yicha merosga bo’lgan huquq to’g’risidagi guvohnomalarni haqiqiy emasligi qachonki notarius tomonidan O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining vorislik haqidagi va O’zbekiston Respublikasi Oila kodeksining er va xotinning mulkiy huquq va majburiyatlari, Notariat to’g’risidagi qonun, Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi to’g’risidagi yo’riqnomaning qoidalariga zid ravishda vasiyat yoki qonun bo’yicha merosga bo’lgan huquq to’g’risidagi guvohnomalarni rasmiylashtirishi uning haqiqiy emasligini keltirib chiqaradi hamda sudning hal qiluv qarori bilan haqiqiy emas deb topiladi.

Shuningdek, merosga bo’lgan huquq to’g’risidagi guvohnomada marhumning xohishi, erk izhori va irodasi mavjud emas. Shuning uchun ham, merosga bo’lgan huquq to’g’risidagi guvohnoma bitim emas va uni haqiqiy emas deb topishda FKning 113-128-moddalari ya'ni bitimlarning haqiqiy emasligi haqidagi qoidalar qo’llanilmaydi. Merosga bo’lgan huquq to’g’risidagi guvohnoma merosni egallash uchun vosita hisoblanadi.

Xulosa o’rnida, birinchidan, amaldagi Fuqarolik kodeksining va Grajdanlik kodeksi(1963 yildagi tahriri)ning merosni qabul qilish (merosni egallash) o’rtasidagi farqlar mavjud bo’lib, ular quyidagilar:

Amaldagi O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksida merosning qabul qilinganligini tasdiqlaydigan harakatlarga quyidagilar kiradi: merosga bo’lgan huquq to’g’risida guvohnoma berish haqidagi ariza hisoblanib, u ikki vazifani bajaradi, u merosxo’rning merosni qabul qilishga bo’lgan xohishini tasdiqlaydi hamda ayni bir vaqtda merosga bo’lgan huquq to’g’risidagi guvohnomani berish uchun asos bo’ladi.

O’zbekiston Respublikasi Grajdanlik kodeksi(1963 yildagi tahriri)da merosning qabul qilinganligini tasdiqlaydigan harakatlarga quyidagilar kiradi: meros ochilgan vaqtdan e'tiboran olti oy davomida meros mulkni egallashga yoki idora qilishga haqiqatan kirishgan yoxud meros ochilgan joydagi davlat notarial kontoraga merosni qabul qilganligi to’g’risida yoki merosga bo’lgan huquq to’g’risida guvohnoma berilishi haqida (ushbu Kodeksning 610-moddasi) ariza bergan voris merosni qabul qilgan hisoblanadi(GK 599-m).

Ikkinchidan, merosga bo’lgan huquq to’g’risidagi guvohnoma faqat meros huquqini tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi. Merosga bo’lgan huquq to’g’risidagi guvohnoma - bitim emas balki, merosga bo’lgan huquq to’g’risida guvohnoma berish haqidagi arizagina bitim hisoblanadi.

Uchinchidan, amaldagi O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksidagi merosni qabul qilish haqidagi bitimlarga: 1.merosga bo’lgan huquq to’g’risida guvohnoma berish haqidagi ariza.

O’zbekiston Respublikasi Grajdanlik kodeksi(1963 yildagi tahriri)dagi merosni qabul qilish haqidagi bitimlarga: 1.Meros mulkni egallashga haqiqatan kirishgan, 2. Meros mulkni idora qilishga haqiqatan kirishgan, 3.Meros ochilgan joydagi davlat notarial kontoraga merosni qabul qilganligi to’g’risida ariza, 4.Merosga bo’lgan huquq to’g’risida guvohnoma berilishi haqida ariza.

To’rtinchidan, merosga bo’lgan huquq to’g’risidagi guvohnoma haqiqiy emas deb topishda bitimlar haqiqiy emasligining oqibatlari to’g’risidagi qoidalar qo’llanilmaydi. Chunki, merosga bo’lgan huquq to’g’risidagi guvohnoma bitim emas.

Beshinchidan, merosga bo’lgan huquq to’g’risida guvohnoma berish haqidagi arizani faqat sudning hal qiluv qarori bilan va qonunda bitimlarni haqiqiy emas deb topish uchun belgilangan asoslarga ko’ra haqiqiy emas deb topilishi mumkin (FK 113-128 - moddalari).

Oltinchidan, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1996 yil 29 avgustdagi №257-I-sonli “O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksini amalga kiritish tartibi to’g’risida”gi Qarorining 12-bandiga ko’ra, Kodeks 1112 1157-moddalarining qoidalari Kodeks amalga kiritilgunga qadar ochilgan bo’lib, ammo 1997 yilning 1 martiga qadar merosxo’rlarning hech biri tomonidan qabul qilib olinmagan va meros huquqi bo’yicha davlat yoki fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organi mulkiga o’tkazilmagan merosga nisbatan ham tatbiq etiladi deb ko’rsatilgan bo’lib, 1997 yil 1 martga qadar ochilgan meros merosxo’rlarning tomonidan meros mulkni egallashga yoki idora qilishga haqiqatan kirishgan, meros ochilgan joydagi davlat notarial kontoraga merosni qabul qilganligi to’g’risida ariza, merosga bo’lgan huquq to’g’risida guvohnoma berilishi haqida ariza bergan voris merosni qabul qilgan hisoblanganligi sababli O’zbekiston Respublikasi Grajdanlik kodeksi (1963 yildagi tahriri) qoidalari qo’llaniladi.

 

Fuqarolik ishlari bo’yicha Farg’ona tumanlararo sudining sudyasi S.L.Anvarov


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook | Instagram | Youtube | Telegram