Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
“KONSTITUTSIYA MENGA NIMA BERADI?” DEGAN SAVOLGA SIZ QANDAY JAVOB BERGAN BO‘LARDINGIZ?
2023-12-06 09:47:28 2439
Maktablarda O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganining
31-yilligi munosabati bilan olib boriladigan
Konstitutsiya targ‘iboti uchun tayyorlangan ma’ruza matni
Mavzu: O‘z huquqlaringizni anglamoqchimisiz?
Avval Konstitutsiyani o‘rganing!
Har bir jamiyat tartibli va adolatli hayot kechirishi uchun unga qonunlar kerak bo‘ladi. Qonunlarsiz jamiyatni tasavvur qilib bo‘lmaydi. Har bir qonunning o‘z maqsadi bo‘ladi.
Qonunlar ichida asosiy qonun esa ̶ bu Konstitutsiyadir. Uning asosiy qonun ekani shundaki, boshqa qonunlar unga zid bo‘lishi mumkin emas va ular Konstitutsiya asosida qabul qilinadi.
Har bir qonunning maqsadi bo‘lgani singari asosiy qonun bo‘lgan Konstitutsiyaning ham o‘z maqsadi bor.
Keling, shu o‘rinda sizlarga bir savol bersak. Siz va oila a’zolaringizda ularning shaxsiga doir qanday hujjatlar bor?
Ha, to‘g‘ri aytingiz. Tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma, shaxsni tasdiqlovchi guvohnoma ̶ ID, pasport, haydovchilik guvohnomasi, talabalik guvohnomasi odamlarda bo‘ladigan hujjatlardir.
Bularning orasida qaysi hujjat asosiy hisoblanadi?
To‘g‘ri, shaxsni tasdiqlovchi guvohnoma ̶ ID yoki pasport.
Nima uchun bunday deb o‘ylaysizlar?
Chunki ular boshqa hujjatlarni yozishda, shakllantirishda asos bo‘lib xizmat qiladi. Shu hujjatlarga qarab yoziladi. Shaxsni tasdiqlovchi guvohnoma ̶ ID yoki pasportning maqsadi bizni boshqalarga kim ekanligimizni tanishtirishdir.
Konstitutsiya ham shunga o‘xshash.
Qanday qilib deysizmi?
Konstitutsiya bizga o‘z davlatimizni, jamiyatimizni va o‘z huquq va erkinliklarimizni, burchlarimizni tanishtiradi. Hamma undan huquq va erkinliklar, majburiyatlarni bilib olishi va talab qilishi mumkin.
Davlat organlari va mansabdor shaxslari esa qabul qilayotgan qarorlarini Konstitutsiyaga moslab qabul qilishlari kerak. Qabul qiladigan qonunchilik hujjatlarini qabul qilishda birinchi bo‘lib Konstitutsiyaga qarashlari, agar o‘zlari istab turgan narsa Konstitutsiyaga muvofiq bo‘lmasa, uni qabul qilishlari mumkin emas.
Nima uchun shunday?
Chunki, Konstitutsiya faqat bir shaxs yoki muayyan guruhning manfaatlarini, qiziqishlarini himoya qilmaydi. U butun jamiyatning, har bir shaxsning manfaatini hisobga oladi.
Konstitutsiya butun jamiyat hayoti bilan bog‘liq qonun bo‘lgani sababli u xalqning o‘zi tomonidan qabul qilingan. Ya’ni, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 2023-yil 30-aprel kuni O‘zbekiston fuqarolari tomonidan umumxalq ovoz berish orqali referendumda qabul qilingan.
O‘zbekistonning yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi 6 bo‘lim, 27 bob, 155-moddadan iborat.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga binoan O‘zbekiston ̶ boshqaruvning respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat.
Respublika deganda davlat hokimiyatini shakllantirishda fuqarolar ishtirok etadigan davlat tushuniladi. Biz O‘zbekistonni boshqaradigan Prezidentni, O‘zbekiston qonunlari qabul qilinadigan Oliy Majlisni, yashaab turgan hududimizdagi mahalliy deputatlarni saylaymiz. Bu orqali biz, ya’ni fuqarolar ushbu davlat organlarini shakllantirishda ishtirok etamiz.
Suveren davlat deganda O‘zbekiston mustaqil davlat ekani, u o‘zining ichki va tashqi siyosatini o‘z xalqining manfaatlaridan kelib chiqib olib borishini anglatadi.
Demokratik davlat deganda nafaqat qonunlar ustun bo‘lgan, balki erkin saylovlar amal qiladigan, muhim qarorlar xalqning fikrini va munosabatini hisobga olib qabul qilinadigan davlat tushuniladi.
Huquqiy davlat deganda davlat hududida Konstitutsiya va adolatli qonunlarning ustunligi ta’minlanadigan, hamma ularga amal qilib hayot kechiradigan davlat degani.
Ijtimoiy davlat deganda davlat moddiy jihatdan qiyin ahvolda qolgan yoki nogironlikka ega bo‘lgan fuqarolarini alohida himoyasiga olishini anglatadi.
Dunyoviy davlat deganda din davlatdan ajratiladigan, davlatning vazifasi barcha fuqarolarga vijdon erkinligi, ya’ni o‘zlari istagan dinga e’tiqod qilishi yoki hech qanday dinga e’tiqod qilmaslik huquqini kafolatlash, turli dinga e’tiqod qiladiganlar o‘rtasida diniy bag‘rikenglik targ‘ib qiladigan davlat tushuniladi.
Iqbol Omonboyev, [06.12.2023 9:45]
Demak, O‘zbekiston Konstitutsiyasi davlatimizning qanday davlat ekanini tavsiflab beradi. O‘zbekiston Konstitutsiyasi mana shu davlatning xususiyatlardan kelib chiqib kerakli boshqa qoidalarni o‘rnatgan.
Eng avvalo Konstitutsiyada inson va fuqarolarning huquq va erkinliklari mustahkamlangan.
Inson huquqlari samarali kafolatlanishi uchun u davlat tomonidan ta’minlanishi kerak. Davlat organlari va mansabdor shaxslarining vakolatlari o‘rtasida chegara bo‘lmasa, inson huquqlarini ta’minlab bo‘lmaydi. Har bir davlat organining o‘z qiladigan ishi, faoliyati bo‘lishi zarur.
Shundan kelib chiqib, Konstitutsiyaning 11-moddasiga binoan davlat hokimiyati qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo‘lingan.
Konstitutsiyada bu hokimiyatni kim amalga oshirishi ko‘rsatib o‘tilgan. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni Oliy Majlis, ijro hokimiyatni Vazirlar Mahkamasi, sud hokimiyatini sudlar amalga oshiradi.
O‘zbekiston Konstitutsiyasida inson huquqlari quyidagi turlarga bo‘lingan:
1. Shaxsiy huquq va erkinliklar.
2. Siyosiy huquqlar.
3. Iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik huquqlar.
Afsuski, Konstitutsiyamizda mustahkamlab qo‘yilgan barcha huquqlarni vaqt yetmasligi sababli sizlar bilan muhokama qila olmaymiz. Ammo, keling ularning ba’zilariga e’tiborimizni qaratamiz.
O‘zbekiston Konstitutsiyasining 25-moddasiga binoan yashash har kimning ajralmas huquqidir. Shu bois mamlakatmizda o‘zlim jazosi bekor qilingan. Chunki O‘zbekistonda inson hayoti oliy qadriyat hisoblanadi. Inson hayotiga tajovuz qilish esa eng og‘ir jinoyatdir.
Konstitutsiyaning 26-moddasiga binoan insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizdir. Hech narsa ularni kamsitish uchun asos bo‘lishi mumkin emas.
Hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoxud jazoga duchor etilishi mumkin emas.
Hech kimda uning roziligisiz tibbiy va ilmiy tajribalar o‘tkazilishi mumkin emas.
Konstitutsiyaning 27-moddasiga binoan har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega.
Hech kim qonunga asoslanmagan holda hibsga olinishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi, qamoqda saqlanishi yoki uning ozodligi boshqacha tarzda cheklanishi mumkin emas.
Hibsga olishga, qamoqqa olishga va qamoqda saqlashga faqat sudning qaroriga ko‘ra yo‘l qo‘yiladi. Shaxs sudning qarorisiz qirq sakkiz soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emas.
Shaxsni ushlash chog‘ida unga tushunarli tilda uning huquqlari va ushlab turilishi asoslari tushuntirilishi shart.
Konstitutsiyaning 28-moddasiga ko‘ra jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxs uning aybi qonunda nazarda tutilgan tartibda oshkora sud muhokamasi yo‘li bilan isbotlanmaguncha va sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlanmaguncha aybsiz deb hisoblanadi. Ayblanuvchiga o‘zini himoya qilish uchun barcha imkoniyatlar ta’minlanadi.
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlashi shart emas va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkin.
Hech kim o‘ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emas.
Agar shaxsning o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emas.
Ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar o‘ziga nisbatan insoniy muomalada bo‘linishi hamda inson shaxsiga xos bo‘lgan sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishi huquqiga ega.
Shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos bo‘lishi mumkin emas.
Konstitutsiyaning 31-moddasiga binoan rar kim yozishmalari, telefon orqali so‘zlashuvlari, pochta, elektron va boshqa xabarlari sir saqlanishi huquqiga ega. Ushbu huquqning cheklanishiga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yiladi.
Har kim o‘z shaxsiga doir ma’lumotlarning himoya qilinishi huquqiga, shuningdek noto‘g‘ri ma’lumotlarning tuzatilishini, o‘zi to‘g‘risida qonunga xilof yo‘l bilan to‘plangan yoki huquqiy asoslarga ega bo‘lmay qolgan ma’lumotlarning yo‘q qilinishini talab qilish huquqiga ega.
Iqbol Omonboyev, [06.12.2023 9:45]
Hech kim uy-joyga unda yashovchi shaxslarning xohishiga qarshi kirishi mumkin emas. Uy-joyga kirishga, shuningdek unda olib qo‘yishni va ko‘zdan kechirishni o‘tkazishga faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda yo‘l qo‘yiladi. Uy-joyda tintuv o‘tkazishga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yiladi.
Konstitutsiyaning 32-moddasiga binoan qonuniy asoslarda O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lib turgan har kim mamlakat bo‘ylab erkin harakatlanish, turar va yashash joyini tanlash huquqiga ega, bundan qonunda belgilangan cheklovlar mustasno.
Har kim O‘zbekistondan tashqariga erkin chiqish huquqiga ega, bundan qonunda belgilangan cheklovlar mustasno. O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi O‘zbekistonga to‘sqinliksiz qaytish huquqiga ega.
Konstitutsiyaning 33-moddasig ko‘ra har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega.
Har kim istalgan axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga ega.
Axborotni izlash, olish va tarqatishga bo‘lgan huquqni cheklashga faqat qonunga muvofiq hamda faqat konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sog‘lig‘ini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini ta’minlash, shuningdek davlat sirlari yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sir oshkor etilishining oldini olish maqsadida zarur bo‘lgan doirada yo‘l qo‘yiladi.
Konstitutsiyaning 35-moddasiga binoan hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har kim xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Va nihoyat Asosiy qonuning 50-moddasiga ko‘ra har kim ta’lim olish huquqiga ega. Bu juda ham muhim huquq.
Ta’limsiz jamiyat rivojlana olmaydi. Ta’lim orqali bilimlar shakllanadi. Bilimli inson o‘z yo‘lini onson topadi.
Shu bois, davlat uzluksiz ta’lim tizimi, uning har xil turlari va shakllari, davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari rivojlanishini ta’minlaydi.
Davlat maktabgacha ta’lim va tarbiyani rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratadi.
Davlat bepul umumiy o‘rta ta’lim va boshlang‘ich professional ta’lim olishni kafolatlaydi. Umumiy o‘rta ta’lim majburiydir.
Maktabgacha ta’lim va tarbiya, umumiy o‘rta ta’lim davlat nazoratidadir.
Ta’lim tashkilotlarida alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bo‘lgan bolalar uchun inklyuziv ta’lim va tarbiya ta’minlanadi.
Sizlarga ma’ruzam boshida savol bergandim. Keling, ma’ruzamni savol va muhokama bilan yakunlasak.
Yuqoridagilardan kelib chiqib siz “Konstitutsiya menga nima beradi?” degan savolga siz qanday javob bergan bo‘lardingiz?
E’tiboringiz uchun rahmat!
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook |
Instagram |
Youtube |
Telegram