Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
SHASHKACHI QIZ G’ALABASI
2017-09-28 11:14:36 1873
Niyara Abdishaeva Farg’ona shahar 40-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabining 9-sinfida a’lo baholarga o’qish bilan birga sportning shashka turi bilan o’n yildan buyon shug’ullanadi. Farg’ona viloyat ayrim o’yin turlariga va engil atletikaga ixtisoslashtirilgan bolalar-o’smirlar sport maktabi tarbiyalanuvchisi xalqaro arenalarda Vatanimiz sport sha’nini munosib himoya qilib kelmoqda.
Bolgariyaning Kranevo shahrida yoshlar va xotin-qizlar o’rtasida shashka bo’yicha jahon chempionati bo’lib o’tdi. Unda Rossiya, Belorusiya, Ukraina, Moldova, Estoniya, Latviya kabi o’ndan ziyod davlatlardan 200 nafar saralangan sportchi ishtirok etdi.
Jahon chempionatida 2001-2003 yillarda tug’ilgan qizlar o’rtasida viloyatimiz vakili tezkor shashka turi bo’yicha bahslarda yuqoridagi davlatlar sportchilari bilan bahslashib, yakunda o’z yosh toifasida 2-o’rinni egallab, kumush medal sohibiga aylandi. Chempionatda Niyara farg’onalik Malika Xalilova bilan milliy terma jamoamizning umumjamoa hisobida faxrli 3-o’rinni egallashiga munosib hissa qo’shishdi.
Kelajagi porloq, umidli shashkachi N.Abdishaeva uchun 2017 yil omadli keldi. Uning erishgan yutuqlari salmoqli. Yil boshida sport ustasi degan nomga sazovor bo’ldi. Aprel oyida Toshkentda o’tkazilgan shashka bo’yicha respublika chempionatida klassik, blits va rapid yo’nalishlarining har birida 3 ta oltin medalni qo’lga kiritdi. Bundan tashqari o’ndan ortiq davlat sportchilari ishtirok etgan Osiyo chempionatida oltin medal Niyaraga nasib etdi.
Iqtidorli shashkachi shu yil 19-29 oktyabr kunlari Sankt-Peterburg shahrida ayollar o’rtasida o’tkaziladigan jahon chempionatiga tayyorgarlikni boshlab yubordi.