Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
Mehnat qonunchiligida analogiya haqida ayrim mulohazalar
2022-09-28 17:16:25 849
Kundan kunga huquq sohasida bahs talab masalalar ortib borayotganini ko‘rish mumkin, biroq, bahs talab masalani yechish va to‘g‘ri yo‘lni tanlash mushkulligi barchamizga ayon. Jumladan, mehnat nizolarida analogiya haqida hamma har xil fikr va mulohazalarni bildirmoqda.
Mehnat nizolari yuzasida tuman (shahar) adliya bo‘limlari manfaatdor shaxsning manfaatini ko‘zlab sudga da’vo ariza va arizalar bilan murojaat qilishmoqda. Biroq, tuman (shahar) adliya bo‘limlari yuridik shaxs bo‘lmasa-da, ularning sudga da’vogar yoki arizachi sifatida da’vo va arizalar kiritishi va qatnashishi mumkinligi yoki mumkin emasligi haqida turlicha mushohadalar mavjudligini ko‘rish mumkin. Ba’zilar tuman (shahar) adliya bo‘limlari yuridik shaxs bo‘lmasa-da, sudga da’vogar yoki arizachi sifatida qatnashishi mumkin deb hisoblashsa, boshqalar esa bunga qarama qarshi o‘laroq mehnat qonunchiligi qat’iy yozilganligini buning imkoni yo‘qligini bildirishmoqda, boshqa bir uchinchi taraf mehnat qonunchiligida mavjud bo‘lmagan qoidalar fuqarolik qonunchiligida mavjud bo‘lsa mehnat nizolarida analogiya qoidalarida foydalanish mumkinligi haqida fikr-mulohazalarni bildirishmoqda. Aynan qaysi fikr va mulohaza qonun talabiga mos tushishini beixtiyor o‘ylab qolasiz? Shuning uchun, ushbu masalalar bahs talab mavzu deb hisoblayman hamda mazkur masalalar haqida ayrim fikr va mulohazalarni bildirdim.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 13 apreldagi PQ-3666-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida” qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi to‘g‘risida”gi Nizomning 5-bandiga ko‘ra, Vazirlik, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari yuridik shaxs hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga, shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga, bank hisobvaraqlariga, shu jumladan, chet el valyutasidagi bank hisobvaraqlariga egadirlar. Tuman (shahar) adliya bo‘limlari, yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari, davlat xizmatlari markazlari va fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari (keyingi o‘rinlarda — FHDYO organlari) yuridik shaxs hisoblanmaydi, mol-mulkka, xo‘jalik yurituvida yoki operativ boshqaruvda alohida mol-mulkka ega bo‘lmaydi. FHDYO organlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan muhr va blankalarga ega bo‘ladilar deb ko‘rsatilgan.
Amaldagi O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksining 1-moddasida mehnatga oid munosabatlarni tartibga soluvchi normativ hujjatlar ko‘rsatilgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasida mehnatga oid munosabatlar mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik, jamoa kelishuvlari, shuningdek jamoa shartnomalari va boshqa lokal normativ hujjatlar bilan tartibga solinadi. Mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Kodeks, O‘zbekiston Respublikasi qonunlari va Oliy Majlis qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi qonunlari va Jo‘qorg‘i Kenges qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Hukumatining qarorlari, davlat hokimiyatining boshqa vakillik va ijroiya organlari o‘z vakolatlari doirasida qabul qiladigan qarorlardan iboratdir. Mulkchilikning barcha shaklidagi korxonalar, muassasalar, tashkilotlarda, shuningdek ayrim fuqarolar ixtiyorida mehnat shartnomasi (kontrakt) bo‘yicha ishlayotgan jismoniy shaxslarning mehnatga oid munosabatlari mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari va boshqa normativ hujjatlar bilan tartibga solinadi deb ko‘rsatilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat qonunlari kodeksi (1971 yildagi tahriri)ning 4-moddasida O‘zbekiston Respublikasining mehnat to‘g‘risidagi qonunlari ko‘rsatilgan bo‘lib, unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining mehnat to‘g‘risidagi qonunlari ushbu Kodeks hamda O‘zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasining mehnatga doir boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir deb ko‘rsatilgan.
Amaldagi O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksining 2-moddasida fuqarolik qonun hujjatlari bilan tartibga solinadigan munosabatlar ko‘rsatilgan bo‘lib, uning 1-qismiga ko‘ra, fuqarolik qonun hujjatlari fuqarolik muomalasi ishtirokchilarining huquqiy holatini, mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlarning, intellektual faoliyat natijalariga bo‘lgan huquqlarning vujudga kelish asoslarini hamda ularni amalga oshirish tartibini belgilaydi, shartnoma majburiyatlari va o‘zga majburiyatlarni, shuningdek boshqa mulkiy hamda u bilan bog‘liq shaxsiy nomulkiy munosabatlarni tartibga soladi. Mazkur moddasining 5-qismiga ko‘ra, ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan belgilarga javob beradigan oilaviy munosabatlarga, mehnat munosabatlariga va tabiiy resurslardan foydalanish hamda atrof muhitni muhofaza qilish munosabatlariga nisbatan fuqarolik qonun hujjatlari bu munosabatlar maxsus qonunlar bilan tartibga solinmaydigan hollarda qo‘llaniladi deb ko‘rsatilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Grajdanlik kodeksi (1963 yildagi tahriri)ning 2-moddasida O‘zbekiston Respublikasi grajdanlik qonunchiligi bilan tartibga solinadigan munosabatlar ko‘rsatilgan bo‘lib, uning 4-qismiga ko‘ra, oila, mehnat, yerga oid munosabatlar, suvdan foydalanish bo‘yicha bo‘ladigan munosabatlar, shuningdek kolxozlarda ularning ustavidan kelib chiqadigan munosabatlar, tegishincha, oila, mehnat, yer, suv va kolxoz qonunlari bilan tartibga solinadi deb ko‘rsatilgan.
Qonunshunos O‘zbekiston Respublikasi Grajdanlik kodeksi (1963 yildagi tahriri)ning 2-moddasidan farqli o‘laroq, amaldagi O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 2-moddasida oilaviy munosabatlarga, mehnat munosabatlariga va tabiiy resurslardan foydalanish hamda atrof muhitni muhofaza qilish munosabatlariga nisbatan fuqarolik qonun hujjatlari bu munosabatlar maxsus qonunlar bilan tartibga solinmaydigan hollarda qo‘llanilishini belgilab bergan.
O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 6-moddasi oilaviy munosabatlarga nisbatan fuqarolik qonun hujjatlarining qo‘llanilishi ko‘rsatilgan bo‘lib, unga ko‘ra, oila to‘g‘risidagi qonun hujjatlari bilan tartibga solinmagan oila a’zolari o‘rtasidagi mulkiy va shaxsiy nomulkiy munosabatlarga nisbatan fuqarolik qonun hujjatlari oilaviy munosabatlarning mohiyatiga zid kelmagan taqdirdagina qo‘llaniladi deb ko‘rsatilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksining 1-moddasida uy-joy to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ko‘rsatilgan bo‘lib, uning 2-qismiga ko‘ra, agar uy-joy munosabatlari uy-joy to‘g‘risidagi qonun hujjatlari bilan tartibga solinmagan bo‘lsa, yerga oid qonun hujjatlari hamda arxitektura va shaharsozlik sohasidagi qonun hujjatlarining ana shu munosabatlarni tartibga solishga taalluqli qismi qo‘llaniladi deb ko‘rsatilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksini Oila kodeksi va Uy-joy kodeksiga solishtiradigan bo‘lsak, Oila kodeksida 6-moddasi va Uy-joy kodeksining 1-moddasi 2-qismi mavjud bo‘lib, mazkur qoidalarga o‘xshash normalar Mehnat kodeksida mavjud emas
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat qonunlari kodeksi (1971 yildagi tahriri) va amaldagi O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodekslarida: “Mehnat munosabatlariga nisbatan fuqarolik qonun hujjatlari bu munosabatlar maxsus qonunlar bilan tartibga solinmaydigan hollarda qo‘llanilishi” kabi normasi mavjud emas.
Biroq, mazkur norma O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 2-moddasi 5-qismida nazarda tutilgan. Bu nimani anglatadi?
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat qonunlari kodeksi (1971 yildagi tahriri) va O‘zbekiston Respublikasi Grajdanlik kodeksi (1963 yildagi tahriri)larida mazkur kodekslar bir-birlariga nisbatan analogiya yoki havola qilish prinsipi mavjud emasligi bilan ajralib turadiki ya’ni fuqarolik huquqiy munosabatlarni faqat Grajdanlik kodeksi, mehnat huquqiy munosabatlarni esa faqat Mehnat qonunlari kodeksi tartibga solishini belgilab berilgan, bu qoidani GKning 2-moddasi 4-qismida belgilab qo‘yilganligidan ham anglash mumkin.
Amaldagi O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 2-moddasi 5-qismidagi mehnat munosabatlariga oid qoidasi xuddi: “kirish bor-u, chiqish yo‘q” ya’ni mehnat huquqiy munosabatlarga nisbatan Fuqarolik kodeksi qo‘llaniladi-yu, lekin, fuqarolik huquqiy munosabatlarga nisbatan Mehnat kodeksi qo‘llanilmaydi. Eski tahrirdagi GK va MQKlarda o‘tish umuman mavjud bo‘lmagan bo‘lsa-da, amaldagi FK va MKlarda o‘tish bir taraflama qilib belgilab qo‘yilgan.
O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksining 2-moddasida fuqarolik qonun hujjatlari bilan tartibga solinadigan munosabatlar ko‘rsatilgan bo‘lib, uning 2-qismiga ko‘ra, fuqarolar, yuridik shaxslar va davlat fuqarolik qonunchiligi bilan tartibga solinadigan munosabatlarning ishtirokchilari bo‘ladilar deb ko‘rsatilgan
O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksining 11-moddasida turar joyga bo‘lgan mulk huquqi ko‘rsatilgan bo‘lib, uning 2-qismiga ko‘ra, fuqarolar, yuridik shaxslar va davlat turar joyga bo‘lgan mulk huquqining sub’yektlaridir deb ko‘rsatilgan.
O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksning 14,15,19,20-moddalarda mehnat oid munosabatlarning sub’yektlari ko‘rsatilgan bo‘lib, ular: xodim, ish beruvchi, mehnat jamoasi, kasaba uyushmalari, ularning korxonadagi saylab qo‘yiladigan organlari, xodimlar tomonidan saylab qo‘yiladigan boshqa organlar, ish beruvchilarning vakillik organlari mehnatga oid munosabatlarning sub’yektlari sifatida qatnasha oladilar deb ko‘rsatilgan.
O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksning 268-moddasida mehnat nizosini ko‘rishni so‘rab sudga murojaat qilish huquqi ko‘rsatilgan bo‘lib, unga ko‘ra, quyidagilar mehnat nizosini ko‘rish haqidagi ariza bilan sudga murojaat qilish huquqiga egadirlar: 1) xodim, kasaba uyushmasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi; 2) mehnatning huquq bo‘yicha inspektori; 3) ish beruvchi, mehnat nizolari komissiyasining qaroriga rozi bo‘lmagan taqdirda, shuningdek unga xodim tomonidan yetkazilgan zararni qoplash haqidagi nizolar bo‘yicha; 4) prokuror deb ko‘rsatilgan.
MKning 268-moddasida adliya boshqarmasi yoki tuman (shahar) adliya bo‘limlari ko‘rsatilmagan.
Fuqarolik, uy-joy, mehnat huquqiy munosabatning har birining o‘zini sub’yekti mavjudligini ko‘rishimiz mumkin. Adliya ish beruvchi sifatida mehnat nizosini ko‘rish haqidagi ariza bilan sudga murojaat qilish huquqiga ega. Biroq, adliya ish beruvchi sifatida emas balki mehnat nizolarida biron-bir shaxsning manfaatini ko‘zlab sudga murojaat qilishi mumkinmi?
Mehnat qonunchiligida bu savolga javob yo‘q. Bu yerda yordamga fuqarolik qonunchiligi qoidalari keladi. Masalaga yechim FKning 2-moddasi 5-qismini bo‘ladi. Tuman (shahar) adliya bo‘limlari yuridik shaxs hisoblanmasligi va viloyat adliya boshqarmalari yuridik shaxs hisoblanishini inobatga olib, faqat yuridik shaxs hisoblangan viloyat adliya boshqarmalari nomidan maxsus ishonchnoma bilan tuman (shahar) adliya bo‘limlari sudga murojaat qilishi mumkin bo‘ladi. Bu yerda da’vo arizada da’vogar sifatida viloyat adliya boshqarmalari ko‘rsatiladi hamda da’vo arizani imzolash vakolatini olgan tuman (shahar) adliya bo‘limlari da’vo arizani imzolab boshqarma nomidan sudga murojaat qilishi mumkin bo‘ladi.
Xulosa o‘rnida, birinchidan, mehnat munosabatlariga nisbatan fuqarolik qonun hujjatlari bu munosabatlar maxsus qonunlar bilan tartibga solinmaydigan hollarda O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksining 2-moddasi 5-qismi orqali fuqarolik qonun hujjatlari qo‘llaniladi.
Ikkinchidan, tuman (shahar) adliya bo‘limlari yuridik shaxs hisoblanmasligi sababli mehnat munosabatlarida biron bir shaxsning manfaatini ko‘zlab da’vogar sifatida sudga murojaat qilishi mumkin emas (o‘zi ish beruvchi bo‘lgan holatlar bundan mustasno).
Uchinchidan, yuridik shaxs hisoblangan viloyat adliya boshqarmalari nomidan maxsus ishonchnoma bilan tuman (shahar) adliya bo‘limlari sudga murojaat qilishi mumkin bo‘ladi. Bu yerda da’vo arizada da’vogar sifatida viloyat adliya boshqarmalari ko‘rsatiladi hamda da’vo arizani imzolash vakolatini olgan tuman (shahar) adliya bo‘limlari da’vo arizani imzolab boshqarma nomidan sudga murojaat qilishi mumkin bo‘ladi.
To‘rtinchidan, O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksining 1-moddasiga 4-qism bilan to‘ldirish orqali “Mehnat munosabatlariga nisbatan fuqarolik qonun hujjatlari bu munosabatlar maxsus qonunlar bilan tartibga solinmaydigan hollarda qo‘llaniladi” deb to‘ldirish kiritish kerak.
Beshinchidan, O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksning 268-moddasiga 1-qismini 5-band bilan to‘ldirish orqali “qonunchilikda nazarda tutilgan tashkilotlar” yoki “adliya organlari” deb to‘ldirish kiritish kerak.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudining sudyasi S.L.Anvarov