Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
OILADA AYOLLARGA NISBATAN TAZYIQ O’TKAZILISHI VA ZO’RAVONLIK SODIR ETILISHINI OLDINI OLISH MUAMMOLARI
2022-11-30 19:52:11 337
O’zbekistonda inson huquqlarini oiladagi zo’ravonlikdan himoya qiladigan hamda uning oldini olish va tugatishga nisbatan huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatini tartibga soladigan bir qator qonunchilik va normativ-huquqiy aktlar qabul qilingan. Ular asosini O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi tashkil etadi. Konstitutsiya oila va insonning huquq, erkinlik va manfaatlarini muhofaza etishni belgilaydigan va kafolatlaydigan normalar asosi bo’lib, quyidagilarini misol qilib keltirish mumkin:
-O’zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo’lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e'tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat'i nazar, qonun oldida tengdirlar (18-modda). Yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqidir. Inson hayotiga qasd qilish eng og’ir jinoyatdir (24-modda);
-Har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega. Hech kim qonunga asoslanmagan holda hibsga olinishi yoki qamoqda saqlanishi mumkin emas (25-modda);
-Har kim o’z sha'ni va obro’siga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish va turar joyi daxlsizligi huquqiga ega. (27-modda);
-Har bir shaxsga o’z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining g’ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi (44-modda);
-Voyaga yetmaganlar, mehnatga layoqatsizlar va yolg’iz keksalarning huquqlari davlat himoyasidadir (45-modda);
-Ayollar va erkaklar teng huquqlidirlar (46-modda).
Oila kodeksi oila va qarindoshlik munosabatlari doirasini belgilab beradi. Uning normalari asosida oila huquqi va manfaatlari himoyasi va muhofazasining huquqiy kafolatlari belgilangan, er-xotin, ota-ona va bolalar, oilaning boshqa a'zolari o’rtasidagi nizolarni hal qilish qoidalari tartibga solinadi hamda o’z majburiyatlarini bajarmaganligi natijasida kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar belgilab berilgan.
Tegishli tamoyillar:
-oilaviy munosabatlarda fuqarolarning tengligi tamoyili;
-er-xotinlikda majburiyatlarning tengligi tamoyili;
Oila kodeksida quyidagilar belgilangan:
-shaxs qonun bilan belgilangan tartibdagina oiladan majburiy tarzda ajratib qo’yilishi mumkin;
-hech kimning oilaviy hayotiga aralashishligiga yo’l qo’yilmaydi;
-oilaviy munosabatlarni tartibga solish qatnashchilarning shaxsiy hayotini sir tutish, ularning shaxsiy erkinlik huquqi va oilaviy hayotga o’zboshimchalik bilan aralashishga yo’l qo’yilmaslik huquqlarini inobatga olish bilan amalga oshiriladi.;
-oilaviy munosabatlarning ishtirokchilari jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e'tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqei, iqtisodiy ahvoli, turar joyi va boshqa xususiyatlariga ko’ra imtiyozlar yoki cheklanishlarga ega bo’lmaydi;
-ayollar va erkaklar oilaviy munosabatlarda, nikohda va oilada teng huquq va ajburiyatlarga egadirlar;
-oilaviy munosabatlar adolatga asosan tartibga solinadi;
-jamiyatning ahloqiy asoslariga ko’ra ixtiyoriylik va onglilik.
O’zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksida ro’zg’orda sodir etilishi mumkin bo’lgan hamda ijtimoiy tartib va ijtimoiy xavfsizlikka tahdid soladigan ma'muriy huquqbuzarliklar uchun ma'muriy javobgarlik belgilangan. Ishtirokchilari ko’pincha o’zaro oila-nikoh yoki qo’ni-qo’shnichilik munosabatlarida bo’lgan shaxslar o’rtasida sodir etiladigan va keng tarqalgan huquqbuzarliklarga quyidagilarni misol keltirish mumkin: haqoratlash (Ma'muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeks, 41-modda), yengil tan jarohati yetkazish (52-modda), mayda bezorilik (183-modda). O’zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida quyidagi jinoyatlar ko’rsatilgan: qasddan odam o’ldirish (97-modda), o’zini-o’zi o’ldirish darajasiga yetkazish (103-modda), qasddan badanga tan jarohati yetkazish (104, 105, 109-moddalar), qiynoq (110-modda), o’ldirish yoki zo’rlik ishlatish bilan qo’rqitish (112-modda), ayolni jinsiy aloqa qilishga majbur etish (121-modda), zo’rlik ishlatib g’ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish (138-modda) va h. k.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 2 fevraldagi ”Xotin-qizlarni qo’llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi Farmoni respublika hayotidagi muhim o’zgarishlardan biri bo’ldi. Mazkur Farmonga asosan 2018 yil 1 apreldan mahalla fuqarolar yig’inlarida Xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma'naviy-ahloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo’yicha mutuxassislar o’z faoliyatlarni boshlashdi. Ayollarning siyosiy hayotdagi rolini oshirish bo’yicha o’zgarishlar siyosiy sohaga ham ta'sir qildi. Xususan, “O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to’g’risida”gi qonunning 22-moddasiga ko’ra siyosiy partiyalar tomonidan Qonunchilik palatasiga ayollarning deputatlikka nomzod etib ko’rsatilishida 30 foizlik kvota belgilandi. Bu qoida ayollarning saylovoldi kampaniyasidagi faolligini oshiradi va ularning deputat etib saylanishi borasidagi imkoniyatlarini kengaytiradi hamda O’zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasida ayollar sonining ko’payishi uchun sharoit yaratadi. Demokratiya va huquq tamoyillariga nafaqat davlat organlari, balki alohida shaxslar tomonidan ham rioya etilishi huquqiy davlat uchun muhimdir. Bunday davlatda insonning huquq va erkinliklariga hurmat, inson qadrini tahqirlash, insonga nisbatan zo’ravonlik qilish, ayniqsa, qullik, odam savdosi va uni ekspluatatsiya qilish bilan mutanosib emas.
Shuni ta'kidlash kerakki, o’tish davrining eng muhim va yechimi kechiktirib bo’lmaydigan muammolaridan biri-oiladagi zo’ravonlik muammosidir. Umumiy ko’rinishda oiladagi zo’ravonlikni quyidagicha farqlash mumkin: ayollarga nisbatan zo’ravonlik, bolalarga nisbatan zo’ravonlik va qarindoshlarga nisbatan zo’ravonlik. Oilaviy munosabatlarda teng huquqlilikka erishish - inson huquqlari tizimiga doir ijtimoiy-demokratik institutning tarkib topishi natijasidir. Uning vujudga kelishiga jinslarning davlat tuzilmalarida, hukumat bilan va o’zaro munosabatlarida tegishli normalarni topishning murakkab jarayoni sabab bo’lgan. Tarix shundan dalolat beradiki, teng huquqlilik g’oyasi hamda uni amalga oshirish odob-ahloq, ma'naviy-madaniy va diniy jihatlardan iborat majmuani o’z ichiga oladi.
Ayollar deyarli barcha davlatlar aholisining yarmidan ko’pini tashkil qiladi, shuning uchun aholi yarmining huquqlari poymol qilinganda, amalda demokratiyaga asoslangan jamiyat to’g’risida gapirish qiyin. Ayollar ustidan zo’ravonlik muammosi davlatdagi nosog’lom ijtimoiy-ma'naviy muhit va yangi ijtimoiy munosabatlarni yaratishdagi qoloqlikdan dalolat beradi. Garchi insonga nisbatan barcha turdagi zo’ravonlik va kamsitishlarni bartaraf etish taqozo etilsada, ayollarga nisbatan zo’ravonlik alohida ahamiyatga muhtoj, chunki bu holat butun jamiyatga tegishlidir.
Oilada ayollar ustidan zo’ravonlik jiddiy muammodir. BMTda e'lon qilingan gender tengsizligi to’g’risidagi ma'ruzada ta'kidlanganidek, dunyodagi ayollarning uchdan biri o’z hayotida zo’ravonlikka uchragan. “Dunyodagi ayollarning uchtadan bittasi o’z hayotida zo’ravonlikka uchragan-bu hayratlantiradigan statistika. Gender diskriminatsiyasi-barcha kamsitishlar ichida eng yomoni”-deb ta'kidlagan edi BMT Bosh sekretarining iqtisodiy va ijtimoiy masalalar bo’yicha o’rinbosari Joze Antonio Okampo.
Oiladagi zo’ravonlik sezilarli tibbiy xarajatlarga olib keladi. Jahon banki Raisining “Dunyo rivoji to’g’risidagi ma'ruza”sida ta'kidlaganidek, “sanoati rivojlangan mam lakatlarda nomusga tegish va oiladagi zo’ravonlik 15 yoshdan 44 yoshgacha bo’lgan sog’lom ayollarning besh yillik umridan qariyb bir yilini o’g’irlaydi”. Shuningdek, hujjatda aytiladiki, “aholi jon boshiga hisoblaganda oiladagi zo’ravonlik oqibatida reproduktiv yoshdagi ayollar sog’ligiga tegadigan zarar rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarda taxminan bir xil”. Oiladagi zo’ravonlik hudud yoki qit'alar doirasi bilan chegaralanmaydi va dunyoning barcha davlatlarida turli darajada mavjud. Bu haqda gapirmaslik ma'qul ko’rilsada, dunyoda oiladagi zo’ravonlik shakllari ancha keng tarqalgan. Bu holatning ko’lami nafaqat jamiyat a'zolarining ko’pchiligi tomonidan, balki illatga qarshi kurashishga qaratilgan kasb vakillari tomonidan ham to’la anglab yetilmagan. Ko’pchilik oiladagi zo’ravonlikni davlat ishi deb emas, har bir oilaning ichki muammosi, deb hisoblaydi. Jabrlanganlar soni va himoyalanish ulublari to’g’risida ma'lumotning yo’qligi esa bu holatni yanada murakkablashtiradi.
Oiladagi zo’ravonlikdan jabrlanganlarni himoya qilishning qonunda nazarda tutilgan huquqiy choralari har doim ham samarali emas va ularni sud organlari, prokuratura va ichki ishlar organlari tomonidan qo’llash amaliyoti jabrlanuvchilarning odil sudlovdan foydalanishini ta'minlay olmaydi.
Huquqning turli tarmoq normalari bir-biridan alohida amalga oshirilmoqda, masalan, jinoiy-huquqiy normalar jabrlanuvchini himoya qilishning fuqarolik-huquqiy choralari bilan birga qo’llanilmaydi, garchi ko’pincha ular birgalikda samaraliroq bo’lsada. Jabrlanuvchini himoya qilishning noyuridik vositalaridan: psixologlar, ijtimoiy va tibbiyot xodimlari yordamidan foydalanilmaydi. Tarmoqlararo yondashuvning yo’qligi natijasida oiladagi zo’ravonlik muammosining yechimiga zarar yetadi.
Oiladagi zo’ravonlik - bu oila a'zolariga jismoniy yoki ruhiy zarar yetkazishi mumkin bo’lgan yoki yetkazadigan, jins xususiyatiga ko’ra sodir etilgan zo’ravonlik akti yoki oilada, shaxsiy hayotda uchraydigan ozodlikdan o’zboshimchalik bilan mahrum qilish yoki unga majburlash tahdidi. Oiladagi zo’ravonlik bu oilaning bir a'zosi tomonidan boshqa a'zosiga nisbatan qasddan sodir etilgan harakatdir. Bunda zo’ravonlikka uchragan oila a'zosining konstitutsion huquq va erkinliklari poymol qilinib, unga ruhiy yoki jismoniy zarar yetkaziladi. Bundan tashqari, zo’ravonlik oilaning voyaga yetmagan a'zosiga nisbatan sodir etilgan bo’lsa, uning jismoniy yoki ruhiy rivojlanishiga zarar yetadi. Oiladagi zo’ravonlik ob'ekti bo’lib oilaning har bir a'zosi - er-xotin, bolalar, qariya ota-onalar bo’lishi mumkin, shuning uchun oiladagi shafqatsizlikning uch turi alohida ko’rsatiladi.
Xususan:
-er yoki xotinning bir-biriga nisbatan munosabatida;
-ota-onalarning bolalariga nisbatan munosabatida;
-bolalar yoki nabiralarning qariya qarindoshlarga nisbatan munosabatida.
Ammo milliy odatlar va madaniy an'analarga ko’ra ular bilan birga yashaydigan qarindoshlar ham oila a'zosi hisoblanadi. Shunday qilib, oiladagi zo’ravonlik “oila ishi” bo’lmay, vaholanki ko’pincha jamoatchilik o’rtasida shunday fikr mavjud, butun jamiyat va oila rivojiga jiddiy zarar yetkazadigan bo’ysundiruvchi munosabatlar tizimidir. Shuning uchun ham oiladagi zo’ravonlikning asosiy uch shakli alohida ko’rsatiladi- jismoniy, ruhiy va jinsiy. Bunda jinsiy zo’ravonlik birinchi marta alohida toifa sifatida ko’rsatilgan.
Qonunlarda keltirilgan yana shunday yangi holatlardan biri bu xalqaro andozalarning rioya etilishiga asoslangan va zo’ravonlikdan jabr ko’rgan oila a'zolarini himoya qiladigan mexanizmlarni yaratishdir. Ular jumlasiga tezkor imtimoiy yordam sifatida oiladagi zo’ravonlikning oldini olishni kiritamiz. Bunda oila a'zosining hayoti va sog’ligi uchun bevosita xavf tug’ilganida bu xavfni bartaraf etish uchun hamda kechiktirib bo’lmaydigan holatlarda oila a'zosining xavfsizligini ta'minlash uchun tegishli xizmatlar tomonidan yordam ko’rsatiladi.
Jinoyat ishlari bo’yicha Farg’ona tuman sudining raisi X.Xoliqov
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook |
Instagram |
Youtube |
Telegram