IMTIYoZLARDAN FOYDALANING.
O‘zbekiston fermerlari kengashi Rayosati a‘zolarining fermerlarga
MUROJAATI
Qadrli vatandoshlar!
Hurmatli dehqon va fermerlar, agrar soha fidoyilari xodimlari!
Bugungi murakkab global iqtisodiy sharoitda, oziq-ovqat xavfsizligi dunyo miqyosida dolzarb masalaga aylanib borayotgan bir paytda, mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi sohasida mavjud resurslar va imkoniyatlardan unumli foydalanish, oziq-ovqat ekinlarini ikki barobarga ko‘paytirish, yuqori hosil olish, agrar sohada yangi ish o‘rinlarini yaratish muhim vazifalardan biri ekanligini barchamiz his etib turibmiz.
Shunday murakkab pallada biz dehqonu-fermerlar hamda klaster korxonalari tomonidan har qachongidan ko‘proq mas‘uliyat bilan ter to‘kib ishlashni davr taqozo etmoqda.
Ayni paytda, yurtboshimiz tomonidan qabul qilingan farmon va qarorlar orqali siz — fermer va qishloq xo‘jaligi sub‘ektlari uchun katta imkoniyat va imtiyozlar yaratildi. Xususan: 2025 yilning o‘tgan 3 oyi davomida qator imtiyozlar va vakolatlar berildi.
Birinchidan, Soliq yuki engillashtirildi: 2025 yil 19 martdagi PF-50-son Farmonga muvofiq, fermer xo‘jaliklarining soliq qarzdorligi bo‘yicha hisoblangan penyalar hisobdan chiqarildi, ijro ishlari to‘xtatildi;
ikkinchidan, Yuqori hosil uchun rag‘bat shakllantirildi: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 28 martdagi PQ-131-son Qarorga binoan, paxtadan 50 s/ga, g‘alladan 80 s/gadan yuqori hosil olgan fermerlarga bir qator imtiyozlar joriy etildi:
ijaraga olingan erlarning 25% qismiga almashlab ekish huquqi (chorva ozuqasi, sabzavot, moyli ekinlar);
fermerlar kengashi a‘zolik badali 0,6 foiz o‘rniga 0,3% etib belgilandi;
er solig‘ida bazaviy stavkaga nisbatan mutanosib ravishda 3 karragacha kamaytiruvchi koeffisientlar qo‘llashga ruxsat berildi..
uchinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 8 apreldagi “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining eksport salohiyatini oshirish hamda qayta ishlash zanjirini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-136-son qarori bilan er maydoni 5 gektardan kam bo‘lmagan xo‘jaliklarga o‘zlariga qarashli erlarning dala chetlarida ichki xo‘jalik er tuzish loyihasiga muvofiq, jami er maydoning 1 %ga, lekin 20 sotixdan ko‘p bo‘lmagan erga muzlatkichli omborxonalar, saralash, quritish, qayta ishlash, qadoqlash, suv tejovchi texnologiyalar va suv saqlash ob‘ektlarini qurishga ruxsat berildi.
Hurmatli dehqon va fermerlar!
Keling, yurtimiz taraqqiyoti uchun birgalikda harakat qilaylik! “Dolzarb bir oylik” davomida agrotexnik tadbirlarni sidqidildan amalga oshirib, yuqori hosil va yuqori daromadga erishaylik. Shu orqali xalqimizning dasturxonini to‘kin, yurtimizni farovon qilaylik!
Prezidentimiz olib borayotgan islohotlarda “fermer” nomi bilan ishtirok etar ekansiz, o‘z kasbingizga sadoqat bilan yondoshib, dehqonchilikdan u qaysi yo‘nalishda bo‘lmasin yuqori hosil olib, yaxshi daromad qilib, bozorlarimiz, dasturxonlarimizning to‘kin bo‘lishiga, qishloq xo‘jaligi sanoatining rivojlanishiga munosib hissa qo‘shgan holda, mamlakatimizning ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishida, xalqimiz hayoti tinch va farovon bo‘lishida faol qatnashish har birimizning fermerlik burchimiz hamda vazifamiz ekanligini esimizdan chiqarmaslik zarur.
Barchamiz yaxshi tushunamizki, hozirgi o‘ta murakkab iqlim sharoitida ko‘plab sinov va qiyinchiliklarga qaramasdan, erdan mo‘l hosil etishtirish – bu chinakam jasorat va matonat namunasidir.
Xalqimiz Sizdek mirishkor dehqon va fermerlar, mohir suvchi
va irrigatorlar, o‘z ishining haqiqiy ustasi bo‘lgan mexanizator
va agronomlar, jonkuyar olim va tadqiqotchilar, klaster xodimlari timsolida ana shunday fidoyi insonlarni ko‘radi va el-yurt dasturxonini to‘kin qilish yo‘lidagi sharafli va olijanob mehnatingizni yuksak qadrlaydi.
Aslida, buning zamirida, shu muqaddas zaminda tavallud va tarbiya topgan, o‘zini aynan shu yurt farzandi, deb bilguvchi inson o‘z davlati, xalqi oldidagi, uni umidlar bilan tarbiyalagan, voyaga etkazgan jamiyat oldidagi burchini ado etish hissi yotibdi.