Maxsus imkoniyatlar

Ekran o‘lchami:

50 %

Shrift o‘lchami:

50 %
Saytni baholash
0
0

172025-05-09 20:04

Farg‘ona tuman hokimi Xamidullo Inomovning bayram tabrigi

https://api3.fergana.uz/files/150400/news/news_1746803036637.jpg
Hurmatli tumandoshlar! Qadrli faxriylar, nuroniylar! Sizlarni muqaddas tariximizda alohida o‘rin tutuvchi — 9-may “Xotira va qadrlash kuni” hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan ulug‘ g‘alabaning 80 yilligi munosabati bilan chin yurakdan muborakbod etaman! Bugun biz o‘tmish sahifalarini hurmat bilan varaqlab, yurt ozodligi va xalq tinchligi yo‘lida boshini garovga qo‘ygan, jonini fido qilgan jasur yurtdoshlarimiz xotirasini chuqur ehtirom bilan yod etamiz. Ayniqsa, urushning oldingi va orqa frontida mardlik ko‘rsatgan nuroniy otaxon va onaxonlarimizga chuqur ta‘zimdamiz. O‘zbekiston tarixida o‘chmas iz qoldirgan bu mudhish urushda mamlakatimizdan 2 millionga yaqin yurtdoshimiz qatnashgan bo‘lsa, ularning yarmi ortig‘i halok bo‘lgan, minglab oilalar dard, iztirob va armon bilan yashashga majbur bo‘lgan. Bu faqat statistika emas — bu xalqimiz qalbida bitmas jarohat, chuqur saboq va tarixiy ibratdir. Bugun bizga nasib etgan osoyishta hayot, tinch osmon — bu bebaho ne‘mat. Bu ne‘mat orqasida turfa sinov va qiyinchiliklarga qaramay, jasorat ko‘rsatgan ajdodlarimizning fidoyiligi yotadi. Ularning qahramonligi va sabr-toqati biz uchun har doim ibrat manbai bo‘lib qoladi. Aziz yurtdoshlar! Bugungi tahlikali zamonda tinchlik va barqarorlikni saqlash, yoshlarda vatanparvarlik ruhini kuchaytirish, o‘zaro totuvlikni mustahkamlash har birimizning ustuvor vazifamizdir. Biz buyuk ajdodlarimizning orzu-umidlarini davom ettirish, ularning qadrdon xotirasiga munosib avlod bo‘lishimiz kerak. Shu ulug‘ ayyomda, qadrli faxriylar, sizlarni yana bir bor ushbu qutlug‘ bayram bilan samimiy tabriklayman. O‘z jonini Vatan ozodligi yo‘lida fido qilgan barcha yurtdoshlarimizning muqaddas xotirasi mangu yashasin! Yurtimizda tinchlik, xalqimizga farovonlik, har bir xonadonga sog‘lik-salomatlik, baxt va baraka tilayman! Bayramingiz muborak bo‘lsin!

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!

Tavsiya etamiz